Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an Qatardagi Al-Jazira televideniyesiga intervyu berdi

Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an prezidentlik sistemasining turk modeliga doir tortishuvlar va 15 iyul voqealari haqida mulohaza bildirdi.

608589
Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an Qatardagi Al-Jazira televideniyesiga intervyu berdi

Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an Qatardagi Al-Jazira televideniyesiga intervyu berdi.

U o'z intervyusida prezidentlik sistemasining turk modeli Turkiyaga yana ham katta imkoniyatlarni berishini ma’lum qildi.

Shuningdek, Turkiyadagi koalitsiya hukumatlari, Adolat va taraqqiyot partiyasi (AK partiya) yakka hokimiyat qurgan bir davrda prezidentlik sistemasiga doir tortishuvlar va 15 iyul voqealari haqida mulohaza bildirdi.

Erdog’anning aytishicha, AQSh va Rossiyadagi boshqaruv sistemasi farqli bo’lishiga qaramay, prezidentlik sistemasini amalga oshirgan ikki muhim davlat sifatida o’rnak tashkil qiladi.

“Boshqa davlatlarning boshqaruv sistemasini bir chetga suraylik, men aytmoqchimanki, biz an’analarimizdan o’rnak olgan holda Turkiyaga yarashgan turk modelini ishga solaylik. Bu Turkiyaga tezkor taraqqiy etish imkonini beradi deb o’ylayman”,-deydi Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an.

Turkiyada koalitsiya hukumatlari davlatni boshqargan davrlarda muvaffaqiyatsiz bo’lganiga e’tibor qaratgan Erdog’an, Ak partiyadan oldingi davrlarda koalitsiya hukumatlari boshqaruvda ekanini ifoda etdi.

“Ak partiya bilan Turkiyada yakka partiyalik davr boshlandi. Shu yilning 7 iyun kuni koalitsiya izlanuviga kirishildi. Bundan natija olinmadi va saylov takrorlandi. Natijada, xalq bu safar ham takror yakka partiyalik hukumatni tanladi”,-deydi Erdog’an.

Arab davlatlarini Fathulloh Gulen harakati xususida ogohlantirgan Erdog’anning aytishicha, hozirda Fathulloh Gulen harakatiga a’zo tashkilotlar arab davlatlarida o’z faoliyatini davom ettirmoqda.

Bu jihatdan arab davlatlarini ogohlikka chaqirgan Erdog’an: “Agar, xatoga yo’l qo’yilsa, ertaga ular ham qiyin ahvolda qolishi mumkin”,-dedi.

Arab davlatlari ichida qaysi davlat Fathulloh Gulen harakatiga yordam berdi? degan savolga javoban Erdog’an: “Masalan Misr ularga yordam berdi”,-dedi.

Uning aytishicha, harakat lideri Fathulloh Gulenni ekstraditsiya qilish talabi bilan AQShga 85 ta qutida hujjat va dalillar jo’natilgan.

Ma’lum bo’lishicha, Turkiya Adolat vaziri Bekir Bo’zdag’ boshchiligidagi delegatsiya Amerikada tushuntirish ishlarini olib bordi.

Pensilvaniyada yashagan Fathulloh Gulen Amerika hukumati tomonidan Turkiyaga ekstraditsiya qilinishi kerakligini aytgan Erdog’an: “Amerika uni ekstraditsiya qilmagan taqdirda, bu munosabatlarimizga zarar bera olmaydi deb ayta olmayman”,-dedi.

Erdog’an intervyusida Turkiya bilan Yevropa Ittifoqi munosabatlariga ham to’xtaldi.

“Yevropa Ittifoqi hech qachon Turkiyaga nisbatan ro’stgo’y va samimiy munosabatda bo’lmadi. Xatto, qochqinlarga berishni va’da qilgan 3 mlrd evro mablag’ni ham bermadi. Yevropa Ittifoqi Turkiyani doimo aldab keldi va chetga surishga harakat qildi”,-deydi Prezident Erdog’an.

Yaqin sharqdagi vaziyatga e’tibor qaratgan Erdog’an: “Turkiya Suriya bilan 911 km chegara hajmiga ega. Iroq bilan Turkiya o’rtasida esa, 350 kmlik chegara hududi mavjud”,-dedi.

Shu sababli, qo’shni davlat Suriyadagi vaziyatga e’tiborsiz qolmasligini, Liviya bilan tarixiy aloqalarga ega ekanini aytgan Erdog’an: “Juda ko’p sabr qildik. Terror tashkiloti DAISh Turkiyaga hujum qila boshladi. Lekin, terror tashkiloti DAISh avgust oyida Gaziantep viloyatida terrorchilik harakati sodir qilishi bilan Mustaqil Suriya qo’shini yonida jang qilishga qaror berdik. Gaziantepdagi terror hujumida 56 inson halok bo’ldi”,-dedi.

Iroqdagi vaziyat ham yaxshi emasligini tilga olgan Erdog’an, asosan Kerkukda ro’y bergan hodisalar achinarli ekanini aytdi.

Iroq Bosh vaziri Haydar Al-Ibadiy bilan hamfikr emasligini aytgan Erdog’an, Mosul, Kerkuk va Telaferdagi xalqni yolg’iz tashlab qo’ymasligini ifoda etdi.

Prezident Erdog’an Iroq va Suriyaning tuproq yaxlitligi tarafdori ekanini, bo’linishini aslo xohlamasligini tilga oldi.



Aloqador xabarlar