Turkiya tashqi siyosatiga nazar 49-qism

Dasturimizning bugungi sonida Turkiya-Ukraina munosabatlarining bugungi holati va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida bahs yuritamiz.

1101038
Turkiya tashqi siyosatiga nazar 49-qism

 

          

Turkiya bilan Ukraina o’rtasida geopolitikadan tortib, iqtisodiy munosabatlargacha, turizmdan tortib Qrim tatar turklarining masalasigacha bo’lgan ko’plab mavzularda yaqin aloqalar mavjud.

Dasturimizning bugungi sonida Turkiya-Ukraina munosabatlarining bugungi holati va buning Turkiya tashqi siyosatiga ko’rsatgan ta’siri haqida so’z yuritamiz.

    Turkiya Ukraina Respublikasi mustaqilligini 1991 yilning 16 dekabrda tan oldi. Diplomatik munosabatlar esa, 1992 yilning 3 fevral kuni tashkil topdi. Turkiya-Ukraina munosabatlari 2011 yilda strategik sheriklik darajasiga ko’tarildi. Ikki davlat o’rtasida 2012 yilning 1 avgust kuni vizasiz sayohat rejimi kuchga kirdi. 2016 yilgi ma’lumotlarga ko’ra, Turkiya Ukrainaga amalga oshirgan eksporti 1.25 mlrd dollar, Ukrainadan esa 2.55 mlrd dollarlik import amalga oshirdi. Ikki davlat o’rtasidagi savdo hajmi 3.8 mlrd dollarni tashkil qildi.

Turkiya-Ukraina munosabatlari 2014 yilda Rossiyaning Qrimni ishg’ol qilishi bilan birga strategik darajaga ko’tarildi. 2013 yilda Ukrainada boshlangan inqirozdan e’tiboran mamlakatning hududiy yaxlitligiga e’tibor qaratgan Turkiya, Qrim turklarining haq va huquqini himoya qilgan holda siyosatini bu yo’nalishda olib bordi.

Shuningdek, Turkiya va Rossiya o’rtasida ro’y bergan “samolyot voqeasi” ikki mamlakat o’rtasida muhim masalaga aylanar ekan, bu jarayonda Turkiya-Ukraina munosabatlari yaxshilandi. Endilikda, Turkiya va Rossiya inqiroz davrini ortda qoldirib, turli sohalarda hamkorlik qila boshlagan bo’lsa ham, Turkiya hamda Ukraina hukumatlari ikki davlat o’rtasidagi munosabatlarning qanchalik strategik ahamiyatga molik ekanligini tushunib yetdilar.

Turkiyaning oxirgi yillarda amalga oshirgan mudofaa sanoati loyihalari texnologiya almashishni taqazo qilar ekan, NATO davlatlari tomonidan bu talablar bajarilmadi. Ukraina esa, mamlakat sharqida davom etgan to’qnashuvlar hamda Rossiyaning yangi harbiy tashabbuslari tufayli Ukraina qurolli kuchlarini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Mudofaa sanoati sohasida katta tajribaga ega bo’lgan Ukraina bilan dunyoning eng kuchli armiyasiga ega bo’lgan Turkiyaning mudofaa va xavfsizlik bo’yicha ko’zlagan maqsadlari ikki mamlakatni bir-biri uchun muhim hamkorga aylantirdi. Shubhasiz, Turkiya va Ukraina 2014 yilda harbiy-texnik hamkorlik shartnomasini yangiladi. Radar ishlab chiqarish, zirhli transport, harbiy samolyotlar, raketa tizimlari, uchuvchisiz havo vositalari, samolyot motori, navigatsiya va kosmik faoliyatlar kabi bir qator sohada hamkorlik qilishga kelishib oldilar. Bu jarayonda Turkiya Ukraina qurolli kuchlarini 20 mln lira qiymatida o’q-dori va harbiy uskunalar bilan ta’minlar ekan, Ukraina davlat mudofaa sanoati menejmenti “Ukroboronprom” va Turk Aselsan kompaniyasi o’rtasida hamkorlik yo’lga qo’yildi. Tuzilgan shartnomaga ko’ra, Aselsan Ukraina armiyasini ilg’or texnologiyalar bilan ishlab chiqilgan ratsiya jihozlari bilan ta’minlaydi.

Qolaversa, 2018 yilning iyul oyida mudofaa sanoati sohasida davom etayotgan faoliyatlarni tezlashtirish maqsadida 1-Turkiya-Ukraina mudofaa sanoati hamkorlik yig’ilishi o’tkazildi.

Turizm sohasida ro’y bergan o’zgarishlar ham ikki mamlakat o’rtasida ijobiy muhit yaratmoqda. 2012 yilda vizasiz sayohat rejimini joriy etgan ikki davlat 2017 yilning iyun oyidan e’tiboran passportsiz ya’ni faqatgina ID karta bilan sayohat rejimini joriy etdi. ID karta bilan o’zaro sayohat qilish ikki davlat munosabatlarining qanchalik yaqinlashganligini ko’rsatadi. Ukrainada xorijga sayohat qilganlarning deyarli 70%i Turkiyani afzal ko’radi. Joriy yilda Ukrainadan Turkiyaga kelgan sayyohlar soni o’tgan yilga nisbatan 20% ortish ko’rsatdi. Ya’ni joriy yilda 1.3 mln ukrain turist Turkiyaga dam olish uchun keldi. Yil oxirigacha bu raqam 1.5 mlnga chiqishi kutilmoqda. Bu natijalarga nazar tashlaganimizda, Ukraina Turkiyaga sayyoh yuborgan davlatlar ro’yxatida 7-o’rinda turadi. Turkiyadan Ukrainaga esa 2018 yilda 300 ming kishi sayohat qilgan.

Oxirgi paytlarda Turkiya tomonidan Ukrainada olib borilgan faoliyatlar natijasida ukrain xalqida turkchaga bo’lgan qiziqishni ham orttirdi. Yaqindan beri Kiyevda ochilgan Yunus Emre madaniyat markazi qoshida ukrainlar uchun turk tili kurslari tashkil qilindi.

Ayni paytda, Turkiya Qrim turklaridan ham yordamini hech qachon ayamaydi. Turkiya hukumati Ukraina inqirozi boshlangandan buyon Qrim turklari yetakchisi, deputat Mustafo Abduljamil Qirimo’g’li bilan yaqin munosabatda bo’lib keladi. Ukrainada yashagan Qrim turklari, mesxeti turklari va o’g’uz turklari kabi, Turkiyada yashagan ukrainlar ham ikki davlat munosabatlarini rivojlantirishda katta ro’l o’ynamoqda.

Ma’lumki, Turkiyada Istanbul universiteti qoshida ukrain tili va adabiyoti bo’limi ochilgan. Bundan tashqari, juda ko’plab ukrain tili kurslari tashkil qilingan. Shu bilan birga, Turkiyada jami 12ta ukrain jamiyati tashkil qilingan, bundan tashqari, Ankarada Ukraina xabar agentligi “Ukrinform” byurosi ham faoliyat ko’rsatib kelmoqda.

Siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy, diplomatik va madaniy sohalarda so’ngi 4 yil ichida juda katta o’zgarishlar kuzatilar ekan, Turkiya-Ukraina munosabatlari ikki mamlakat uchun ham katta ahamiyat kasb etadi. Bugungi kunda Qoradengizga sohildosh bo’lgan ikki muhim davlatning qurolli kuchlari strategik sheriklik darajasiga ko’tarilgan. Ayniqsa, Ankara va Kiyev hukumatlarining hamkorlikda harakat qilishi kelgusi jarayonda ikki davlatga ham katta manfaat olib kelishi ehtimoldan holi emas.

Karatekin Universiteti xalqaro aloqalar bo’limi xodimi Jemil Dog’ach Ipekning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.



Aloqador xabarlar