O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo'lib o'tadi

Bu haqda O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush ma'lum qildi.

2144903
O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo'lib o'tadi

 

Oliy darajadagi O‘zbekiston–Turkiya strategik hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi joriy yil iyun oyida Anqara shahrida o‘tkazilishi kutilmoqda.

Bu haqda O'zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan Turkiya Respublikasi Buyuk millat majlisi raisi Numan Kurtulmush ma'lum qildi.

Qayd etilishicha, Anqarada o‘tadigan oliy darajadagi mashvaratda shu vaqtga qadar imzolangan kelishuvlar va ularning ijrosi ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, istiqboldagi ikki tomonlama maqsad va vazifalar bayon qilinadi.

Toshkentda o‘tkazilgan muzokaralar natijasini ijobiy baholagan Numan Kurtulmush bu borada ikki davlat rahbari o‘rtasidagi yaqin do‘stlik muhim ahamiyat kasb etishini urg‘ulagan.

"Muzokaralarimiz ishchanlik ruhida o‘tdi, deyishga barcha asoslarimiz bor. Zotan, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida barcha sohalarda mamlakatlarimiz taraqqiyoti va xalqlarimiz farovonligini oshirishga qaratilgan yaqin do‘stona munosabatlar o‘rnatilgan. Bugungi kundagi aloqalarimizni qardoshlikdan ham yuqori deya olamiz, chunki ko‘plab masalalarda hamfikrmiz. Prezidentlar Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Shavkat Mirziyoyev o‘rtasida qardoshlarga xos va yaqin do‘stlik rishtalari o‘rnatilgan. Ularning o‘zaro muloqotlari va uchrashuvlarida mavjud masalalar juda oson yechim topmoqda", – deydi Turkiya qonunchilik idorasi rahbari.

Siyosatchiga ko‘ra, hozirda davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi 3 milliard AQSh dollaridan ko‘proqni tashkil qilyapti. Yaqin istiqbolda ushbu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga, kelajakda esa 10 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Avval xabar berganimizdek, 22 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiya parlamenti raisi Numan Kurtulmush boshchiligidagi delegatsiyani qabul qilgandi.

Ma’lumot o‘rnida, davlat rahbarlari ishtirokidagi strategik hamkorlik kengashi yig‘ilishida muhim masalalar muhokama etiladi. Masalan, kengashning ikkinchi yig‘ilishida dolzarb masalalar ko‘rib chiqilgan va O‘zbekiston–Turkiya hamkorligini yanada kengaytirishga qaratilgan 9 ta hujjat imzolangandi.

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar