Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyada oʻtkazilgan xalqaro sammitda ishtirok etdi

Sammit “Gibrid tahdidlarga qarshi global kurash: barqarorlik, xavfsizlik, birdamlik” shiori ostida tashkil etilgan boʻlib, uning birinchi kunida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan tadbir ishtirokchilariga video murojaat yoʻlladi.

2071616
Oʻzbekiston delegatsiyasi Turkiyada oʻtkazilgan xalqaro sammitda ishtirok etdi

 

Joriy yilning 24-25-noyabr kunlari Istanbulda Turkiya Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot-Kommunikatsiyalar departamenti tashabbusi bilan Strategik kommunikatsiyalar xalqaro sammiti boʻlib oʻtdi. 

Mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston delegatsiyasi tarkibida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ishtirok etdi.

Shuningdek, sammitda qator xalqaro tashkilotlar, siyosiy, iqtisodiy, tahliliy va diplomatik doiralar vakillari, ekspertlar, mutaxassislar, OAV va jurnalistlar qatnashdi.

Bu yil uchinchi bor oʻtkazilgan sammit “Gibrid tahdidlarga qarshi global kurash: barqarorlik, xavfsizlik, birdamlik” shiori ostida tashkil etilgan boʻlib, uning birinchi kunida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan tadbir ishtirokchilariga video murojaat yoʻlladi. Xususan, Turkiya Prezidenti oʻz nutqida dunyodagi mavjud geosiyosiy beqarorlikka alohida toʻxtaldi.

“Soʻnggi paytlarda boshimizdan kechirgan voqealar bizga eslatgan eng muhim masala strategik aloqaning ahamiyatidir. Urush, toʻqnashuv, hujum va mudofaa faqatgina jang maydonlarida emas, media makonda ham avj olayotganini hammamiz koʻrdik va koʻryapmiz”, — dedi Rejep Tayyip Erdogʻan.

Turkiya Prezidenti, shuningdek sammit qatnashchilarini inson huquq va erkinliklarini poymol qilishga qaratilgan har qanday dezinformatsiyaning halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashishga chaqirdi.

Sammit ochilish marosimida soʻzga chiqqan Turkiya Prezidenti huzuridagi Axborot-Kommunikatsiyalar departamenti direktori Faxretdin Altun mazkur sammitning gibrid tahdidlarga qarshi kurashishdagi ahamiyatiga toʻxtaldi. Faxretdin Altun gibrid tahdidlarni bugun dunyoda raqobat, kurash va urushning yangi usullari, deb atadi va unga qarshi turish uchun birinchi navbatda milliy xavfsizlik va mudofaa mexanizmlarini isloh qilish, moslashuvchan va koʻp qirrali kurash strategiyalarini ishlab chiqish kerakligi haqida gapirdi.

“Dezinformatsiya yolgʻon maʼlumotlarning koʻpayishiga va haqiqat inqiroziga sabab boʻlmoqda. Eng yomoni, haqiqat inqirozi bugungi kunda xalqaro maydonda yaqqol sezila boshlagan demokratiya inqirozini keltirib chiqaradi”- dedi Faxretdin Altun.

Altunning taʼkidlashicha, “gibrid tahdidlar” birinchi galda “proksi urushlar”, “siyosiy manipulyatsiyalar”, “iqtisodiy bosim elementlari”, “xalqaro huquqni manipulyatsiya qilish”, “terrorizm”, “kiber hujumlar” kabi tushunchalarni nazarda tutadi. Oʻz navbatida Faxretdin Altun Turkiya strategik kommunikatsiyalar sohasida oʻzaro hamkorlikning global markaziga aylanish choralarini koʻrayotganini maʼlum qildi.

Bundan tashqari, Turkiya Tashqi ishlar vaziri Fidan Xoqon oʻz nutqida bugungi kunda urush va tinchlik oʻrtasidagi chegara tobora noaniqlashib borayotganini taʼkidladi. Shu nuqtayi nazardan, u dezinformatsiyaga qarshi kurashish uchun strategik aloqalar zarurligini, bu yoʻlda barcha saʼy-harakatlarni birlashtirish kerakligini aytdi.

Ikki kun davom etgan sammitda strategik kommunikatsiyalar sohasidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, 50 dan ortiq mamlakatlardan tashrif buyurgan siyosatchilar va ekspertlar dunyo davlatlarining axborot siyosati va dezinformatsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirib kelayotgan siyosati boʻyicha fikr almashildi.

Jumladan, “Gibrid tahdidlarning yangi jabhalari”, “Gibrid inqirozlarda muloqotdagi qiyinchiliklar”, “Haqiqat prizmasidagi voqelik: gumanitar inqiroz va mojarolarni fosh etish”, “Yangi mojaro zonalari: XXI asr inqirozlari va ziddiyatlar” kabi mavzularda 9 ta panel sessiyasi boʻlib oʻtdi.

Sammitning “Strategik kommunikatsiyalarning yangi dilemmalari: axborot xavfsizligi va shaffoflik” mavzusiga bagʻishlangan sessiyasi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov moderatorligida boʻlib oʻtdi. Unda axborotni manipulyatsiya qilish boʻyicha mamlakatlar tajribalari koʻrib chiqilib, kiberhujumlardan himoyalanish masalalari muhokama qilindi.



Aloqador xabarlar