Aliyev: Qorabog‘ masalasi butunlay hal bo‘ldi

Ilhom Aliyev Armaniston ishg‘olidan ozod etilishining uchunchi yilligida Fuzuliy shahriga tashrif buyurib, ota yurtiga qaytgan yurtdoshlari holidan xabar oldi.

2052534
Aliyev: Qorabog‘ masalasi butunlay hal bo‘ldi

Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev Qorabog‘ masalasi butunlay hal bo‘lganini qayd etdi.

Ilhom Aliyev Armaniston ishg‘olidan ozod etilishining uchunchi yilligida Fuzuliy shahriga tashrif buyurib, ota yurtiga qaytgan yurtdoshlari holidan xabar oldi.

Ular bilan suhbat qilgan Aliyev, boshqa shaharlar kabi Fuzuliyning ham ishg‘ol davrida armanlar tomonidan butunlay vayron qilinganini yodga solib, bu yerda Ozarbayjon davlati tomonidan yangi shahar qurilganini bildirdi.

Aliyev 800 dan ortiq Fuzuliy aholisining shaharga qaytib joylashgani haqida ma’lumot berar ekan ayni vaqtda: “Yil oxirigacha Fuzuliyda 2 mingga yaqin kishi istiqomat qiladi. Buyuk Qaytish dasturining birinchi bosqichi asosida 2026 - yilning oxirigacha Fuzuliyga 22 ming nafar yurtdoshimiz qaytgan bo‘ladi. Unga qadar umumiy olganda Qorabog‘ va Sharqiy Zangazurga 140 ming nafar inson joylashadi”. – degan ifodalarga o‘rin berdi.

Ishg‘ol davrida ba’zi xorijiy davlatlar Ozarbayjonni Qorabog‘dan voz kechishga ko‘ndirishga harakat qilganiga e’tibor qaratgan Aliyev:

“Muammoni urush yo‘li bilan hal qilib bo‘lmaydi degan edilar. Biz (urush yo‘li bilan) hal qilish mumkinligini isbotladik va muammo hal bo‘ldi. Qorabog‘ muammosi butunlay hal bo‘ldi. Separatistlarning kitobi abadiy yopildi”. - dedi.

Aliyev o‘z so‘zida g‘alaba uchun, vatan uchun jonini fido qilgan qahramon askarlarga qarzdor ekanliklari va shahidlarni hech qachon unutmasliklarini ta’kidladi.

Fuzuliy shahri markazi va uning ko‘pchilik qishloqlari, 1993 - yili arman armiyasi tomonidan bosib olingandi.

Maydoni 1386 kvadrat kilometrni tashkil etgan Fuzuliyda, ishg‘oldan oldin 144 ming Ozarbayjon fuqarosi istiqomat qilar edi.

Ma’lumki, Fuzuliy shahri 1990 - yillarda arman kuchlariga qarshi 1100 nafardan ortiq shahid berdi.

Ozarbayjon armiyasi, 2020 - yilning 17 - oktabrida Fuzuliyni ishg‘oldan ozod qildi.

 



Aloqador xabarlar