Oʻzbekiston yuborgan guruh Hatayda qutqaruv ishlarini boshlatdi

Malatyadagi yer silkinishi oqibatida Oʻzbekiston fuqarolaridan bir kishi halok boʻlgan.

1943270
Oʻzbekiston yuborgan guruh Hatayda qutqaruv ishlarini boshlatdi

Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻiga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlogʻida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik oʻzbeklar istiqomat qiladi. Bu haqida, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Matbuot xizmati ma’lumot boʻlishdi.

Ushbu ma’lumotga koʻra Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi bilan Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarini tabiiy ofat hududlaridan xavfsiz joylarga koʻchirish va Oʻzbekistonga yuborishga qaratilgan qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, 3-6-fevral kunlari Kahramanmarash shahrida 20 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha xalqaro musobaqada ishtirok etgan Oʻzbekiston terma jamoasi Turkiya tomoni bilan hamkorlikda Anqaradagi taʼlim markaziga vaqtinchalik joylashtirilgan va hozirda ularni Oʻzbekistonga qaytarish masalalari ishlab chiqilmoqda.

Ma’lumotda shuningdek:

“2023-yil 7-fevral (Toshkent vaqti bilan) soat 10.00 holatiga koʻra, zilzila oqibatida Malatya provinsiyasida bir nafar Oʻzbekiston fuqarosi halok boʻlganini afsus va chuqur qaygʻu bilan qayd etamiz. Tashqi ishlar vazirligi marhumaning oila aʼzolari va yaqinlariga oʻz hamdardligini bildiradi.

Bundan tashqari, toʻrt nafar hamyurtimiz bedarak yoʻqolgan. Ularni topish boʻyicha tezkor qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Hozirda zilzila oqibatida zarar koʻrgan fuqarolarimizga tegishli yordam koʻrsatish va ularning murojaatlarini koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekistonning Anqara shahridagi Elchixonasi qoshida 24 soat faoliyat yuritadigan shtab tashkil etilgan boʻlib, unga quyidagi raqam orqali murojaat qilish mumkin +90-538-035-85-34”. – deyildi.

 



Aloqador xabarlar