Turkiyaning "Euronews Port" jurnalida O‘zbekiston elchisi bilan suhbat chop etildi

O‘zbekiston elchisi Alisher Agzamxodjayev intervyuda O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi va O‘zbekiston-Turkiya diplomatik munosabatlarining 30 yilligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tgan.

1874288
Turkiyaning "Euronews Port" jurnalida O‘zbekiston elchisi bilan suhbat chop etildi

 

Turkiyaning "Euronews Port" jurnalida O‘zbekiston elchisi Alisher Agzamxodjayev bilan "O‘zbekiston istiqlolining 31 yilligini nishonlamoqda" sarlavhali suhbat chop etildi.

Intervyu Turkiya Prezidentining joriy yilda O‘zbekistonga tashrifi natijalari, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy sohadagi ko‘rsatkichlar, mamlakatda turk investorlariga yaratilgan shart-sharoitlar, Turkiyada o‘tkazilgan madaniy tadbirlar, Toshkentda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, xususan "Yangi O‘zbekiston" bog‘i va Mustaqillik monumenti haqidagi batafsil maʼlumotlarni qamrab olgan.

Elchi O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar haqida to‘xtalar ekan, u ayniqsa oxirgi yillarda izchil rivojlanib borayotganini taʼkidlaydi. "Xususan, 2022 yilning 29-30-mart kunlari Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘an rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga bordi. To‘rt yillik tanaffusdan so‘ng Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi doirasidagi birinchi manzil O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlab qurilgan Mustaqillik monumenti bo‘ldi. Turkiya Prezidenti yuqorida tilga olingan yodgorlikni ziyorat qilgan birinchi oliy martabali mehmon ekanligini alohida qayd etish joiz. Turkiya rahbarining tashrifi chog‘ida ilk bor o‘tkazilgan bunday marosim oliy darajadagi delegatsiyalarning mamlakatimizga tashrifi chog‘ida anʼanaga aylandi", deya taʼkidlaydi O‘zbekiston elchisi.

Alisher Agzamxodjayev Turkiya Prezidentining O‘zbekistonga buyurgan tashrifiga to‘xtalar ekan, davlat rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro hurmat, do‘stlik va ishonchga asoslangan ko‘p qirrali hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mustahkamlashga kelishib olganliklariga eʼtibor qaratadi.

"Xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashildi. Sammitda qabul qilingan eng muhim qarorlardan biri munosabatlarimizni yangi – keng qamrovli strategik sheriklik bosqichiga chiqqanining eʼlon qilingani bo‘ldi, deb hisoblayman. Shu bilan birga, turli sohalarda 10 ta yangi shartnoma imzolandi", deydi diplomat.

Suhbatda turk sarmoyadorlarining mamlakatdagi faoliyatiga ham alohida  eʼtibor qaratilgan.  

Taʼkidlanganidek, 2016 yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 1,1 milliard AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yakuniga kelib  bu ko‘rsatkich uch barobardan ziyodga oshib, 3,6 milliard dollarga yetdi.

"O‘zbekistondagi turk investorlarining ulushi ham keyingi yillarda sezilarli darajada oshdi. Turkiyaning O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi 2021 yilga kelib 1,2 milliard dollarga yetdi. Bu raqamlar O‘zbekistonda xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar yildan-yilga yaxshilanib, Turkiya investorlarining O‘zbekistonga sarmoya kiritishga bo‘lgan ishonchi ortib borayotganini tasdiqlaydi".

Intervyuda qayd etilganidek, O‘zbekistonda turk kapitali ishtirokidagi qo‘shma va xorijiy korxonalar soni  2022 yil 1 may holatiga ko‘ra 1961 taga yetdi. Shu tariqa, O‘zbekistonda Turkiyaga tegishli korxonalar soni so‘nggi besh yilda 5 barobar oshdi.

Elchi nashr muxbirining o‘zaro munosabatlardagi madaniy tadbirlar salmog‘i, xususan, iyun oyida o‘tkazilgan “Lazgi” tadbiri haqidagi savollariga javob berish asnosida Turkiyada O‘zbekiston madaniyatini targ‘ib qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayotganini tilgan olgan. 

Uning aytishicha, Qashqadaryo davlat teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Dali” spektaklining Xalqaro Maltepe teatr festivalida eng yaxshi spektakl deb topilgani bu boradagi muvaffaqiyatlarining debochasidir.

"O‘tgan yili dekabr oyida Anqara va Istanbul shaharlarida o‘tkazilgan O‘zbekiston madaniyati kunlari vantandoshlar bilan birga turk qardoshlarimizning ham diqqat markazida bo‘ldi,-deydi A.Agzamxodjayev. – Darhaqiqat, iyun oyida Istanbul va Bursa shaharlarida O‘zbekiston madaniyati va sanʼatini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda "Lazgi – ruh va sevgi raqsi" spektakli Turkiyalik tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi. Lazgi sehrli va qiziqarli afsonalarga boy. Lazgi harakat orqali insoniy fazilatlar, muhabbat va baxt sadolarini ifodalaydi".

Suhbat davomida elchi, shuningdek, O‘zbekiston mustaqilligining 31 yilligi va O‘zbekiston-Turkiya diplomatiya munosabatlarining 30 yilligi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tgan.

Diplomat O‘zbekistonda  Turkiya hamisha katta minnatdorlik bilan eʼtirof etilishini taʼkidlaydi. "O‘zbekiston xalqaro munosabatlar olamiga qadam qo‘yganida uni birinchi bo‘lib qarshi olgan davlat qardosh Turkiya bo‘lgan edi. Turkiya mamlakatimiz mustaqilligini tan olgan birinchi davlatdir. Binobarin, bugun biz kutib olayotgan O‘zbekiston mustaqilligining 31 yillik bayramida qadrli turk birodarlarimizning ham qo‘llab-quvvatlovlari bor", deydi Alisher Agzamxodjayev.



Aloqador xabarlar