Nur-Sultonda Markaziy Osiyo – Xitoy tashqi ishlar vazirlari to‘plandi

Tadbirda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov, Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va Xitoy TIV rahbari ishtirok etdi.

1840395
Nur-Sultonda Markaziy Osiyo – Xitoy tashqi ishlar vazirlari to‘plandi

 

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvi bo’lib o’tdi.

Mazkur tadbirda Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev, Turkmaniston tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Vladimir Norov, Tojikiston transport vaziri Azim Ibrohim va Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I ishtirok etdi.

Uchrashuvda tomonlar Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni saqlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida ta’kidladilar.

Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasida xavfsizlik, transport va logistika, energetika, sanoat, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish, yashil iqtisodiyot, axborot sanoati, sogʻliqni saqlash, taʼlim, turizm, madaniyat va boshqa strategik sohalarni qamrab olgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi.

Qozog‘iston tashqi ishlar vaziri Muxtor Tileuberdi uchrashuvdan so‘ng bergan bayonotida, “Muloqot formatidagi uchrashuvimiz doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, uning salmoqli salohiyatini ishga solish va Markaziy Osiyo mintaqasini tinchlik, do‘stlik, o‘zaro yordam, barqaror taraqqiyot va totuvlik hududiga aylantirishdan manfaatdor ekanimizni yana bir bor tasdiqladik”,-dedi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I esa, Xitoy hukumati Markaziy Osiyo davlatlari bilan koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish niyatida ekanini bildirdi.

U shuningdek, o'zaro hurmat, manfaat va yaxshi qo'shnichilik tamoyillari asosida Markaziy Osiyoning mustaqilligi, tinchligi va kelajagi uchun birgalikda sa'y-harakatlar qilishga kelishib olganligiga e'tibor qaratdi.

Vang I Xitoy-Yevropa yo'nalishining xavfsiz va barqaror ishlashini ta'minlashlarini ta'kidladi.

Tomonlar, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi va Xitoy oʼrtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish va maʼlumotlar xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash boʼyicha tegishli tashabbuslarni maʼqulladilar.

Uchrashuv yakunida qabul qilingan ishtirokchi davlatlar tashqi ishlar vazirlarining qoʼshma bayonotida uchrashuv davomida oʼtkazilgan samarali maslahatlashuvlar yakunlari sarhisob qilindi.

Qozogʼiston shu bilan ushbu formatdagi raislikni yakunladi. Vazirlarning qoʼshma qaroriga muvofiq ushbu muhim vazifa – navbatdagi toʼrtinchi forumni boshqarish Xitoy Xalq Respublikasiga oʼtkazildi.

“Bugungi uchrashuvda jamoa boʼlib amalga oshirilgan ishlardan mamnun ekanimizni bildirar ekanmiz, mintaqa davlatlari ushbu formatdagi koʼp qirrali hamkorlikni mustahkamlashdan toʼliq manfaatdor ekanini yana bir bor tasdiqlaymiz. Ishonchimiz komilki, bugungi uchrashuv va uning natijalari muloqotimiz doirasidagi oʼzaro manfaatli har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish uchun mustahkam poydevor boʼlib, mintaqamizni tinchlik, doʼstlik, barqarorlik, oʼzaro yordam, barqaror taraqqiyot va totuvlik makoniga aylantirishga hissa qoʼshadi”, — dedi Qozog’iston Tashqi ishlar vaziri.

 

 


Tanlangan kalimalar: #Xitoy , #Markaziy Osiyo , #Qozog'iston

Aloqador xabarlar