Turkiya-O‘zbekiston munosabatlariga bag'ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

Unda siyosiy-diplomatik, madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

1802414
Turkiya-O‘zbekiston munosabatlariga bag'ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi

 

O‘zbekiston Respublikasi hamda Turkiya Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Mushtarak tarix va madaniyatga asoslangan Turkiya – O‘zbekiston munosabatlarining 30 yilligi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

"Taraqqiyot strategiyasi" markazi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va kommunikatsiyalar boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda ikki mamlakatning turli vazirlik, idoralari, oliy ta’lim muassasalari, tadqiqot markazlari, soha ekspertlari va yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Unda siyosiy-diplomatik, madaniy-gumanitar sohalarda O‘zbekiston va Turkiya hamkorligining bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Jumladan, konferensiya avvalida "Taraqqiyot strategiyasi" markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov so‘z olib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashganini qayd etdi.

– Samarali hamkorlik rivojida ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan oliy darajadagi uchrashuvlar, samimiy muloqotlarning o‘rni katta, albatta, – dedi E.Tulyakov. – Jumladan, 2018 yilda yangi muloqot formati – oliy darajadagi O‘zbekiston – Turkiya strategik hamkorlik kengashi tuzildi. 2020 yilda Anqaraga Prezident Shavkat Mirziyoyev tashrifi doirasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ta’kidlash lozimki, ayniqsa, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi strategik sheriklik sezilarli darajada faollashdi. Buni biz turli darajadagi ikki davlat tashkilotlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanib borayotganida, Parlamentlararo, vazirlik-idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ta’lim muassasalari, oddiy fuqarolarimiz o‘rtasidagi aloqalar misolida ko‘rib turibmiz.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 12 noyabr kuni Turkiy kengashning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan sakkizinchi sammitdagi ishtiroki hamda Turkiy Kengash nomini Turkiy davlatlar tashkiloti, deb o‘zgartirish va mazkur tashkilotning birinchi sammitini 2022 yilda O‘zbekistonda o‘tkazilishi to‘g‘risidagi qarorning qabul qilinishi alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida o‘zaro savdo hajmining jadal o‘sishi natijasida 2021 yilda Turkiya O‘zbekistonning to‘rtinchi tashqi savdo sherigiga aylandi. 2021 yil yakuniga kelib O‘zbekiston va Turkiyaning umumiy tashqi savdo ko‘rsatgichi 2016 yilga nisbatan 3 barobar o‘sib, 3 milliard 388 million dollarga yetdi. Yaqin istiqbolda mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga ko‘tarish rejalashtirilgan.  

Qolaversa, 2021 yil yakunlariga ko‘ra, Turkiya O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya kiritgan davlatlar uchligidan joy oldi. Ya’ni,  2021 yilning o‘zida jami 1,18 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritgan.

Tadbirda ikki mamlakat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning 30 yilligi munosabati bilan Turkiya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi o‘rinbosari Alijan Aksoy ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Shuningdek, xalqaro konferensiyada Turkiya Milliy telekanali siyosiy sharhlovchisi Axmet Yeshiltepe, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i Bahrom Sotiboldiyev, Kirshehir Ervan universiteti professori Nur Chetin, Markaziy Osiyo xalqaro instituti bo‘lim boshlig‘i Alisher Sobirovlar ma’ruza bilan ishtirok etib, O‘zbekiston va Turkiya munosabatlarining tarixi, bugungi holati va istiqbollari haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Shuningdek, ma’ruzachilar boy tabiiy resurslar, inson kapitali, chuqur davlatchilik tajribasi va madaniy merosga ega O‘zbekiston so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning yuqori sur’atlarini namoyish qilayotganini alohida e’tirof etdilar.

Jumladan, barcha sohalarda, xususan siyosat, iqtisodiyot, savdo-sotiq, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat, xavfsizlik, madaniyat, yoshlar, ta’lim, matbuot va insoniy munosabatlar kabi sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning chuqurlashib borayotgani nafaqat O‘zbekiston va Turkiya xalqlarining, balki qo‘shni davlatlarning ham farovonligi, tinchligi va barqarorligiga katta hissa qo‘shishiga shubha yo‘q.

Ma’lumot uchun aytib o‘tish joizki, bugungi kunda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Turkiyaning Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar fondi (SETA), Strategik fikr instituti (SDE), Madaniyat va turizm vazirligi huzuridagi Xorijdagi turklar va qardosh jamoalar boshqarmasi (YTB), Anqara inqiroz va siyosat masalalar bo‘yicha tadqiqotlar markazi (ANKASAM), Istanbul tijorat universiteti, “Sohibqiron” nomidagi Strategik tadqiqotlar markazi (SASAM), “Marmara Grupp” ijtimoiy va strategik tadqiqotlar fondi, Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA), Turkiya Prezidendi huzuridagi Strategiya va byudjet boshqarmalari o‘rtasida faol hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan.

Konferensiya yakunida ma’ruzachilar ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savol-javoblarga batafsil javob qaytardilar.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar