Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti lavozimiga kirishdi

Ashxabod shahridagi Ruhiyot saroyida Turkmanistonning yangi saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedovning inauguratsiyasi bo'lib o'tdi.

1798733
Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti lavozimiga kirishdi

 

12 mart kuni Turkmanistonda bo‘lib o‘tgan prezident saylovida g‘alaba qozongan Serdar Berdimuhamedov o‘z lavozimiga kirishdi.

 Ashxabod shahridagi Ruhiyot saroyida inauguratsiya marosimi tantanali ravishda bo‘lib o‘tdi.

Tantanali marosimda parlamentning ikki palatasi deputatlari, hukumat a’zolari, harbiy va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, Markaziy saylov komissiyasi vakillari hamda boshqa taklif etilgan shaxslar ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi raisi Gulmurod Murodov Berdimuhamedovga prezidentlik guvohnomasini topshirdi. Shundan so‘ng, yangi davlat rahbari konstitusiyaga qo‘lini qo‘yib, prezidentlik qasamyodini qabul qildi va "Turkmaniston konstitusiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, Turkmaniston prezidenti zimmasiga yuklangan vazifalarni vijdonan bajarishga" va’da berdi.

Qonunga muvofiq, saylangan davlat rahbari inauguratsiya marosimi doirasida qasamyod qabul qilgach, rasman o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. 

12-mart kuni bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarida Serdar Berdimuhamedov mutlaq ko‘pchilik – 72,97 foiz ovoz to'pladi. Saylovda jami 9 nafar nomzod ishtirok etdi.

Turkmanistonda prezidentlik saylovi har yetti yilda o‘tkaziladi.

Ta'kidlash joizki, mamlakatning yangi prezidenti 41 yoshda. U Turkmanistonning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li. U Turkmaniston qishloq xo‘jaligi universitetini muhandis-texnolog mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

Bundan tashqari, u Rossiya Tashqi ishlar vazirligining Diplomatik akademiyasini xalqaro munosabatlar yoʻnalishi boʻyicha, Yevropa va xalqaro xavfsizlik sohasida Jeneva xavfsizlik siyosati markazini tamomlagan.


Tanlangan kalimalar: #Turkmaniston , #Serdar Berdimuhamedov

Aloqador xabarlar