Berdimuhamedovning o‘g‘li Turkmaniston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi

Serdar Berdimuhamedov 2021 yil fevraldan buyon mamlakat bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

1778774
Berdimuhamedovning o‘g‘li Turkmaniston prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi

 

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov 12-martda bo’lib o’tadigan saylovlarda mamlakat prezidentligiga nomzod etib ko‘rsatildi.

Kecha, 14-fevral kuni Turkmaniston demokratik partiyasining navbatdan tashqari IX s’yezdi bo‘lib o‘tgan.

Mahalliy matbuotda yoritilgan xabarlarga ko’ra, Turkmaniston demokratik partiyasining navbatdan tashqari yig’ilishida Turkmaniston prezidenti lavozimiga Turkmaniston vazirlar mahkamasi raisining o‘rinbosari Serdar Berdimuhamedovning nomzodi ilgari surilgan.

S’yezd qatnashchilari Serdar Berdimuhamedovning nutqini tingladi va uni qo‘llab-quvvatlagan.

Turkmaniston demokratik partiyasi a’zolariga minnatdorlik bildirgan Serdar Berdimuhamedov:

“Agar men davlat rahbari etib saylansam, ajdodlarimiz merosi va tamoyillariga tayangan holda, butun iste’dodimni ayamay, yurtimiz, xalqimiz uchun mehnat qilaman, deb ishontirib aytaman. Asosiy maqsadim – davlatimizni rivojlantirish, xalqimizning farovon hayot kechirishidir”,-dedi.

Ma’lumot uchun: Serdar Berdimuhamedov 1981 yilda tug‘ilgan. U Turkmaniston qishloq xo‘jalik universitetini bitirgan. 2008-2011 yillarda Rossiya TIV diplomatiya akademiyasida, 2011-2013 yillarda Jyenevadagi xavfsizlik siyosati markazida tahsil olgan.

Serdar Berdimuhamedov 2018 yilda mamlakat tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari etib tayinlangan. 2020 yilda sanoat va qurilish vaziri lavozimini egallagan Serdar 2021 yil fevraldan buyon bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovi shu yilning 12 mart kuni bo‘lib o‘tadi.

 

 



Aloqador xabarlar