O‘zbekiston – Turkiya: Ta’lim sohasida hamkorlik yangi bosqichda

Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, Savdo-sanoat palatasi raisi Adham Ikromov Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universiteti rektori Yusuf Sarinay bilan uchrashdi.

1769367
O‘zbekiston – Turkiya: Ta’lim sohasida hamkorlik yangi bosqichda

 

Uchrashuvda Adham Ikromov mehmonga tashrif uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston hamda Turkiya davlatlari o‘rtasidagi har tomonlama hamkorlik, xususan, oliy ta’lim tizimidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetining Toshkent shahridagi filiali ushbu hamkorlik samarasi ekanligini qayd etdi.

Turkiyalik hamkor Yusuf Sarinay hozirgi kunda ikki mamlakatning bir qator universitetlari rektorlari o‘rtasida tajriba almashish tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilganini ta’kidladi. Shuningdek, O‘zbekistonda Turkiyaning yana bir qancha universitetlarini ochish rejalashtirilayotganini aytib o‘tdi.

Uchrashuv davomida Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universiteti Toshkent shahri filiali ijrochi direktori D. Begmatovaning filial faoliyati, o‘quv tizimini rivojlantirish bo‘yicha tashkil etilgan ishlar haqidagi taqdimoti tinglandi.

Ma’lumki, 2020 yil 17 iyunda mamlakatimiz ta’lim salohiyatini mustahkamlash, O‘zbekiston va xalqaro ta’lim standartlari asosida tadbirkorlik sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni takomillashtirish maqsadida Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetining Toshkent shahrida filialini tashkil etish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilingan edi.

Ushbu qaror asosida 2020 yil 29 avgust kuni Toshkent shahridagi Turkiyaning Iqtisodiyot va texnologiya universitetining filialiga “Xalqaro biznes va tadbirkorlik” hamda “Elektron tijorat va texnologiyalarni boshqarish” yo‘nalishlari bo‘yicha birinchi kirish imtihonlari bo‘lib o‘tdi. 2020/2021 o‘quv yilida koronavirus pandemiyasi tufayli TOBB ETÜ Anqara universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan universitetda ta’lim jarayoni onlayn tarzda olib borildi. Joriy o‘quv yilidan esa mazkur oliygohda qo‘shimcha ravishda “Arxitektura” va “Ichki arxitektura va atrof-muhit dizayni” kabi yangi ta’lim yo‘nalishlari ochildi. Universitet 2021 yil 19 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasidan ta’limning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya oldi.

Universitetda bugungi kunda 61 nafar talaba tahsil olmoqda. Ulardan 13 nafari to‘liq grant asosida, 10 nafar talaba qisman grant va imtiyozlar bilan ta’minlangan holda saboq olayotir. Ta’lim to‘liq ingliz tilida olib boriladi, TOBB ETÜ Anqara tomonidan zarur o‘quv materiallar taqdim etilgan.

Taqdimot davomida universitet tomonidan talabalarga yaratib berilgan sharoitlar, ta’lim jarayonini dual tizimda davom ettirish bo‘yicha rejalashtirilayotgan loyihalar ko‘rsatib o‘tildi.

Ta’kidlash joiz, mazkur universitetining Toshkent shahrida va aynan Savdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilishi, kelgusida yetishib chiqadigan kadrlarning iqtisodiy bilimini amaliy mustahkamlash imkonini beradi.

Uchrashuvda Turkiya iqtisodiyot va texnologiya universitetining Toshkent shahri filiali faoliyatini yanada takomillashtirish, talabalarning sifatli bilim olishi uchun yuqori standartlarga javob bera oladigan zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish hamda o‘qituvchilarning bilim saviyasini yanada yuksaltirish borasida takliflar bildirildi.


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya

Aloqador xabarlar