Mirziyoyev bilan Toqayev mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ustidan fikr almashdi

Shavkat Mirziyoyev bilan Qasim-Jomart Toqayev telefon orqali muloqot qildi.

1765948
Mirziyoyev bilan Toqayev mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari ustidan fikr almashdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20-yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Ushbu xabarga ko‘ra davlat rahbarlari ikki tomonlama kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlarini ko‘rib chiqqanlar.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi siyosiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotgani, tovar ayirboshlash ortayotgani va kooperatsiya aloqalari kuchayib borayotgani, hududlararo va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 5-6-dekabr kunlari Qozog‘iston Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishi ko‘rib chiqilgan.

Amaliy hamkorlikni kengaytirish, shu jumladan savdo va logistika, mashinasozlik, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo va farmatsevtika, to‘qimachilik va oziq-ovqat tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni ilgari surish, shuningdek, ikki mamlakat hududida Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazi va ulgurji-taqsimlash markazlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Qozog‘iston Prezidenti tomonidan mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish borasida ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash masalalari yuzasidan ham fikr almashilgan.

Prezidentlar ushbu muloqat chog‘ida bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar rejasini ham ko‘rib chiqar ekan ayni vaqtda, joriy yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuviga doir masalalarni ham muhokama qilganlar.

Telefon orqali muloqot har doimgidek ochiq, amaliy va do‘stona ruhda o‘tgani qayd etilmoqda.

 



Aloqador xabarlar