O‘zbekiston Ombudsmani Turkiyada qator uchrashuvlar o‘tkazdi

O'zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman Feruza Eshmatova amaliy safar bilan Turkiyada bo‘lib qaytdi.

1739375
O‘zbekiston Ombudsmani Turkiyada qator uchrashuvlar o‘tkazdi

 

O'zbekiston Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman Feruza Eshmatova amaliy safar bilan Turkiyada bo‘lib qaytdi.

Safar davomida Ombudsman Anqara shahrida Turkiya parlamentining Bosh ombudsmani Sheref Malko‘ch va Ombudsmanlar Jileli O‘zlem Tunchak, Arif Dyulger, Fatma Benli Yalchin, Sadettin Kalkan, Ibrahim Kilinch  bilan uchrashdi. O‘zaro muloqot davomida ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi, qatʼiyati hamda ular o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalari O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi munosabatlar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochilishiga imkon yaratib berayotgani taʼkidlandi.

 Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya ombudsmanlari o‘rtasida Hamkorlik memorandumi imzolandi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili Turkiya hukumati va parlamenti vakillari, Buyuk Millat Majlisidagi «Turkiya — O‘zbekiston» parlamentlararo guruhi raisi Osman Mesten hamda Turkiya Oliy Maʼmuriy sudi prezidenti Zeki Yigit bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Muloqotlar chog‘ida inson huquqlarini taʼminlashda parlamentlararo va hukumatlararo hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash masalalari muhokama etildi, o‘zaro tajriba almashildi.

Feruza Eshmatova, shuningdek ushbu mamlakatda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari bilan ham uchrashdi. O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasida tashkil etilgan muloqotda O'zbekistonda inson huquqlarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, Ombudsman instituti faoliyati, uning qonunchilik baʼzasi va vakolatlari haqida vatandoshlarga maʼlumot berildi.

Yurtdoshlar Turkiya parlamentining Bosh ombudsmani bilan o‘zaro Hamkorlik memorandumi imzolangani va uning doirasida Turkiyada yashayotgan O‘zbekiston fuqarolari murojaatlarini ko‘rib chiqish va ularni qiynagan masalalarni bartaraf etish choralarini ko‘rish belgilab olingani haqida xabardor qilindi.

Uchrashuvda vatandoshlar Ombudsmanga taʼlim, sog‘liqni saqlash, fuqarolikni rasmiylashtirish, til o‘rganish kurslarini tashkil etish va boshqa masalalarda murojaat qildi.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar