Turkiyada “O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” suratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi

Turkiyaning Bursa viloyatiga qarashli Yildirim tumanida, “O‘zbekiston - Buyuk ipak yo‘lining yuragi” deb nomlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi.

1703134
Turkiyada “O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘lining yuragi” suratlar ko‘rgazmasi tashkil etildi

O‘zbekiston Respublikasi istiqlolining shonli sanasi – mustaqillikning o‘ttiz yilligi bayrami munosabati bilan O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi Bursa viloyati hokimligi va “Yevroosiyo iqtisodiy hamkorlik uyushmasi” (EkoAvrasya) bilan hamkorlikda Turkiyaning Bursa viloyatiga qarashli Yildirim tumanida “O‘zbekiston - Buyuk ipak yo‘lining yuragi” deb nomlangan fotoko‘rgazma tashkil etdi. Bu haqida Dunyo axborot agentligi ma’lum qildi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra tadbirda Bursa viloyati hokimi Yoqub Jonbo‘lat, Turkiya Buyuk Millat Majlisi O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik guruhi raisi Usmon Mesten, “EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren, Bursa shahri hokimining o‘rinbosari Fatih Yildiz, Bursaning Yildirim tumani hokimi Oktay Yilmaz shuningdek, turk ishbilarmon va ekspert doiralari hamda mahalliy jamoatchilik va OAV vakillari ishtirok etgan.

Qayd etilishicha ko‘rgazma ochilishida O‘zbekistonning Turkiyadagi elchisi Alisher Agzamhodjayev mamlakatda o‘tgan davr mobaynida yangi demokratik davlat, fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lida amalga oshirilgan ulkan ishlar hamda Yangi O‘zbekiston hayotining barcha sohalarida ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlar to‘g‘risidagi fikrlarini o‘rtoqlashgan. Shuningdek, O‘zbekiston istiqlolini birinchi bo‘lib qardosh Turkiya rasman tan olganini takrorlagan.

Bursaning Yildirim tuman hokimi Oktay Yilmaz bugun ko‘p sohalarda xususan, madaniyat, siyosat, iqtisodiyot, ichki va tashqi ishlar yo‘nalishlaridagi o‘zaro aloqalar mustahkamlanib borayotganini taʼkidlab: “Bursa va Buxoro bizlar uchun jonga yaqin va qadrli shaharlardir. Qardosh O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan barchangizni chin qalbimdan tabriklayman”, - degan ifodalarga o‘rin bergan.

“EkoAvrasya” boshqaruv kengashi raisi Hikmet Eren bundan roppa-rosa 30 yil avval – 1991 yil Markaziy Osiyoning madaniy-maʼrifiy beshigi va barakotli zamin - O‘zbekistonning o‘z mustaqilligiga erishganiga eʼtibor qaratib, o‘tgan davr mobaynida ikki tomonlama munosabatlar strategik hamkorlik darajasiga ko‘tarilganini qayd etgan.

Bursa gubernatori Yoqub Jonbo‘lat o‘z so‘zida: “O‘zbekiston va Turkiya umumiy til, mushtarak tarix va madaniyat, urf-odatlarga ega birodar va do‘st davlatlar hisoblanadi. 30 yildan beri O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi hamkorlik ravnaq topdi va ikki tomonlama munosabatlarning salmog‘i sezilarli darajada yuksaldi. O‘zaro munosabatlar, ayniqsa, 2016 yildan keyin strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Maʼlumotlarga ko‘ra, faqat 2020 yilning o‘zida birgalikda amalga oshirilgan investitsiya loyihalarining umumiy qiymati 500 million dollardan oshdi. Bugungi ko‘rgazma Bursa ahliga O‘zbekistonni taqdim etish nuqtai nazaridan katta imkoniyatdir. Biz hududlararo iqtisodiy va madaniy hamkorlikni yana-da rivojlantirish tarafdorimiz”, - deb ta’kidlagan.

 


Tanlangan kalimalar: #Buyuk ipak yo‘li , #Bursa , #O‘zbekiston

Aloqador xabarlar