Turkiya O‘zbekistonda tadbirkorlarga ko'rsatilayotgan e'tiborga munosabat bildirdi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20 avgust kuni mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan ham olqishlanmoqda.

1697724
Turkiya O‘zbekistonda tadbirkorlarga ko'rsatilayotgan e'tiborga munosabat bildirdi

 

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 20 avgust kuni mamlakat tadbirkorlari bilan o‘tkazgan ochiq muloqoti Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari tomonidan ham olqishlanmoqda.

Ali Baklan, O‘zbekistonning Bursa shahridagi (Turkiya) faxriy konsuli, “Baktat Gıda” kompaniyasi boshqaruv kengashining raisi:

- Men uch yildan beri O‘zbekistonga muntazam borib kelaman. Shu muddat oralig‘ida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ulkan o‘zgarishlar bo‘layotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishga muyassar bo‘ldim.

Yaqinda O‘zbekiston rahbari men kabi tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazib, ularning muammolari, savol va takliflarini o‘rgangani holda tezkorlik bilan tegishli mutasaddilarga topshiriq va vazifalar berganini ko‘rdik. Bu holatning o‘zi ham O‘zbekistonda tadbirkor va ishbilarmonlarga bo‘lgan e’tibor va munosabatning naqadar yuksak darajada ekanidan dalolat beradi.

Men shuni alohida ta’kidlashni istar edimki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi bilan go‘zal mamlakatingiz tom ma’nodagi mutlaqo boshqacha, yangilanishlar va o‘zgarishlar davlatiga aylandi. 

Ko‘pgina davlatlarda bo‘lganman, boshqa mamlakatlarda ham biznesimni yo‘lga qo‘yganman. Ammo O‘zbekistonda shaxsan Prezidentning o‘zi investorlarga e’tibor qaratib, quylayliklar yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berishi meni hayratga soldi.  Joylarga tashriflar davomida Prezidentning tadbirkorlar loyihalari bilan shaxsan tanishishi biznes vakillariga ruh bag‘ishlamoqda. 

Tadbirkorlar bilan o‘tkaziladigan uchrashuv haqidagi xabarni bir oy avval eshitgan edik. Va haqiqatan ham ushbu tadbirda O‘zbekiston Prezidenti ishbilarmonlarning yo‘lini keng ochish, kredit, ishlab chiqarish, ba’zi sohalardagi yakkahokimlikka barham berish yo‘nalishlarida o‘ta muhim masalalar yuzasidan ko‘rsatmalar berganiga guvoh bo‘ldik.

Bugungi kunda kompaniyamiz Samarqand viloyatining Qo‘shrobot tumanida ikki ming gektar maydonda organik meva-sabzavot mahsulotlari va lavanda guli yetishtirish bo‘yicha loyihani amalga oshirmoqda. Biz ish jarayonida O‘zbekiston yetakchisining tadbirkorlarga munosabatlarini quyi bo‘g‘inlarda ham his qilayapmiz. Mahalliy hokimliklar, bojxona idoralari, boshqa davlat tashkilotlari biz kabi investorlarga barcha masalalarda yordam ko‘rsatib kelmoqda. 

Biz, investorlar Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ko‘rsatilgan e’tibor va g‘amxo‘rlikni behad qadrlaymiz, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘zimizning kamtarona hissamizni qo‘shishga intilamiz.


Tanlangan kalimalar: #Ali Baklan , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar