Afg'oniston va Pokiston yetakchilari O'zbekistonga tashrif buyuradi

Bu haqda O’zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov tomonidan o`tkazilayotgan brifingda ma`lum qilindi.

1675192
Afg'oniston va Pokiston yetakchilari O'zbekistonga tashrif buyuradi

 

Qayd etilishicha, 15-16 iyul kunlari Afg`oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G`ani va Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon tashrif bilan O`zbekistonda bo`ladilar. Pokiston yetakchisi rasmiy tashrif bilan, Afg`oniston rahbari esa Toshkent shahrida o`tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog`liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya doirasida amaliy tashrif bilan kelmoqda.

Ushbu konferensiya, shubhasiz, joriy haftaning eng muhim tadbiri bo`ladi. Uning ishida, avval qayd etilganidek, Afg`oniston va Pokiston Prezidentlari, shuningdek, Yevropa ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo`yicha Oliy vakili, Yevrokomissiya vise-prezidenti Jozep Borrel, 20 dan ziyod mamlakat tashqi ishlar vazirlari, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda. Ishtirokchilarning umumiy soni 600 dan ortiq.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ishtirokchilarga videomurojaat yo`llaydi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o`tkazilayotgan konferensiya Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o`rtasidagi do`stona aloqalar, ishonch va yaxshi qo`shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Yalpi va sho``ba majlislarida mintaqaviy bog`liqlikni yanada chuqurlashtirish imkoniyatlari, shu jumladan savdo va transport sohalaridagi hamkorlikning barqaror o`sishni ta`minlashdagi o`rni, madaniy-gumanitar aloqalarni qayta tiklash orqali do`stlik va o`zaro ishonchni mustahkamlash, mintaqaviy xavfsizlik sohasidagi tahdid va xatarlar muhokama qilinadi.

Bundan tashqari, Prezident Shavkat Mirziyoyev Afg‘oniston va Pokiston Prezidentlari, Xitoy, Rossiya, Hindiston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Bangladesh, Markaziy Osiyo davlatlari va boshqa mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari, shuningdek, AQSH Prezidentining Ichki xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Elizabet Shervud-Rendall va Yevropa Ittifoqi tashqi siyosiy idorasi rahbari Jozep Borrel  bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazishi rejalashtirilgan.


Tanlangan kalimalar: #Pokiston , #Afg'oniston , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar