O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

1671081
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev kecha 6-iyul kuni Qozog‘iston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.  

Ushbu ma’lumotga ko‘ra Davlat rahbari Elboshini tavallud kuni bilan samimiy muborakbod etib, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Qozog‘iston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tilagan.

Nursulton Nazarboyevning zamonaviy Qozog‘istonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirishdagi alohida o‘rni, O‘zbekiston-Qozog‘iston yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlash hamda mintaqada barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashga qo‘shayotgan katta hissasi alohida qayd etilgan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilingan. Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, turizm sohalaridagi ustuvor loyihalarni, madaniy-gumanitar sohadagi qo‘shma dasturlarni ilgari surish muhim ekani ta’kidlangan.

Shuningdek, mintaqaviy kun tartibi, eng avvalo, Afg‘onistonda keskinlashayotgan vaziyat yuzasidan fikr almashilgan.

Bo‘lajak ikki va ko‘p tomonlama tadbirlar rejasi, shu jumladan Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Faxriy raislik qilayotgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqilgan.

Ikki birodar mamlakat yetakchilarining telefon orqali muloqoti har doimgidek samimiy, ishonchli va do‘stona ruhda o‘tgan.

 



Aloqador xabarlar