O‘zbekiston butun turkiy dunyoning maʼnaviy-maʼrifiy markazi

O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Anqara shahridagi “Sohibqiron” ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda "Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar" mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi.

1656886
O‘zbekiston butun turkiy dunyoning maʼnaviy-maʼrifiy markazi

 

Joriy yilning 10 iyun kuni O'zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi tomonidan Anqara shahridagi “Sohibqiron” ilmiy-tadqiqot markazi bilan birgalikda "Mustaqillik yillarida O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar" mavzusida “davra suhbati” tashkil etildi.

Elchixonadan maʼlum qilinishicha, tadbirda mustaqillik yillari O‘zbekistonda diniy-maʼrifiy sohada erishilgan yutuqlar bo‘yicha fikr almashildi.

Turkiyalik hamkorlarga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda maʼnaviy-maʼrifiy sohada amalga oshirilayotgan yangilanishlar haqida batafsil axborot berildi.

“Sohibqiron” ilmiy-tadqiqot markazi ekspertlari O'zbekistonning buyuk ajdodlar ilmiy merosini asrab avaylash, yosh avlodni ezgu insoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi soxta diniy qarashlar va diniy ekstremizm ko‘rinishlari tarqalishining oldini olish borasidagi boy ijobiy tajribasini yuqori baholadi.

Markaz rahbari Masʼud Emre Karako‘se O‘zbekiston – butun turkiy dunyoning maʼnaviy-maʼrifiy markazi ekanini taʼkidladi.  "Turkiy olamning buyuk maʼrifatparvar olimu fuzalolari Samarqand, Buxoro, Xorazm, Farg‘ona kabi muborak zaminda yetishib, butun dunyoga ilmu irfon nurini taratganlar", - dedi u. - Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muʼin Nasafiy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband kabi allomalarning hayot yo‘li, bizga qoldirgan merosi ham yuqoridagi fikrni tasdiqlab turibdi".

Ishirokchilar O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda tashkil etilgan Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi oliy maktabi, Bahouddin Naqshband tasavvuf ilmiy maktabi kabi ilm dargohlarining sof islom dini rivoji bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlarini eʼtirof etdi.

Maʼlum qilinishicha, “Sohibqiron” ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilardan biri -  Chinor Ota buyuk ajdodimiz Xoja Ahror Valiy hayot yo‘li va merosi haqida ilmiy-adabiy kitob tayyorlamoqda. Ushbu kitob O‘zbekiston mustaqilligining 30 yilligi arafasida nashr etilishi rejalashtirilgan.


Tanlangan kalimalar: #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar