Olgan Bekar:"Orolbo‘yi mintaqasida ekologik inqirozni bartaraf etishda O‘zbekistonga yordam beramiz"

Turkiya elchisi Olgan Bekar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilingani munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

1643153
Olgan Bekar:"Orolbo‘yi mintaqasida ekologik inqirozni bartaraf etishda O‘zbekistonga yordam beramiz"

 

Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchi Olgan Bekar BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar zonasi, deb eʼlon qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyaning qabul qilingani munosabati bilan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

“2021 yil 18 may kuni BMT Bosh Assambleyasining yalpi majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan taklif etilgan, 60 ga yaqin davlat mualliflik qilgan Orolbo‘yi mintaqasi bilan aloqador maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Darhaqiqat, bu O‘zbekiston tashqi siyosatining ulkan  muvaffaqiyatidir. Orolbo‘yidagi ekologik halokat masalasini xalqaro kun tartibiga olib chiqish nuqtai nazardan o‘ta muhim tashabbus bo‘ldi.

Mazkur tashabbusning xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida va xalqaro miqyosda yuritayotgan tashqi siyosati bilan qator masalalarda, jumladan, Orolbo‘yidagi ekologik vaziyat masalasida ham yetakchilik qilayotganini ko‘rsatadi.

Turkiya O‘zbekistonning ushbu tashabbusini to‘liq qo‘llab quvvatlab, rezolyutsiyaga ham mualliflik qildi. Rezolyutsiya orqali, aytib o‘tganimdek, Orolbo‘yidagi ekologik halokatga xalqaro hamjamiyatning eʼtibori qaratilib, uning salbiy taʼsirlarini bartaraf etish bo‘yicha jiddiy qadam tashlandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yuritayotgan siyosatning yana bir yorqin namunasi o‘laroq BMTda Orolbo‘yi bilan aloqador maxsus rezolyutsiya ham qabul qilindi. Turkiya O‘zbekiston bilan ikki tomonlama va ko‘p tomonlama, xususan, BMT platformasida hamkorlikni rivojlantirishni davom ettirmoqda. Buni mazkur rezolyutsiya ham yaqqol tasdiqlamoqda. Biz Orolbo‘yi ekologik halokatining salbiy taʼsirini bartaraf etish bo‘yicha O‘zbekiston bilan qo‘shma loyihalarga doimo tayyormiz. Xususan saksovulzorlar yaratish bo‘yicha ishlarni bajaryapmiz, TIKA ham bu borada o‘z faoliyatini yuritmoqda. Ekologik halokatning salbiy taʼsirini kamaytirish uchun birgalikda ishlashni davom ettiramiz. Orolbo‘yi mintaqasida yuzaga kelgan ekologik inqirozni bartaraf etishda O‘zbekistonga barcha yordamni ko‘rsatamiz va ushbu yo‘nalishda birgalikdagi saʼy- harakatlarni davom ettiramiz”,-dedi Turkiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchi Olgan Bekar.


Tanlangan kalimalar: #Orolbo‘yi , #O'zbekiston , #Turkiya , #Olgan Bekar

Aloqador xabarlar