Abdulaziz Komilov “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasida ishtirok etdi

“O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch, mustaqil va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor", – dedi O’zbekiston tashqi ishlar vaziri.

1611651
Abdulaziz Komilov “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” konferensiyasida ishtirok etdi

 

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi delegatsiya kecha Tojikistonning Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan “Osiyo yuragi – Istanbul jarayoni” muloqotining to‘qqizinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etdi.

O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, anjumanda Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon, Afg‘oniston Prezidenti Ashraf G‘ani ham ishtirok etdi.

Forum doirasida Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga yordam berish maqsadida xavfsizlikni ta’minlash hamda mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash choralarini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov nutq so‘zlab, ushbu tadbir Forum kun tartibida belgilangan maqsadlarga erishishda muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston Afg‘onistonning tinch, mustaqil va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat sifatida shakllanishidan manfaatdor, – dedi O’zbekiston tashqi ishlar vaziri.

“Afg‘oniston zaminida tinchlik mustahkam bo‘lsa, bu butun Markaziy Osiyo uchun barqarorlik va farovonlik garovi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan O‘zbekiston Afg‘onistonga nisbatan yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va tenglik tamoyillariga asoslangan do‘stona siyosat yuritmoqda”,-deydi u.

Vazir Afg‘oniston mojarosini siyosiy yo‘l bilan hal etishning muhimligini ta’kidlab, O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat bilan Afg‘onistondagi infratuzilma va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish, xususan, “Surxon – Puli-Xumri” elektr uzatish liniyasi va “Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘lini qurishning muhim jihatlarini qayd etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi rahbari forum ishtirokchilarini joriy yil Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaga taklif qildi.

Tadbir yakuni bo‘yicha vazirlarning to‘qqizinchi konferensiyasi deklaratsiyasi qabul qilindi.



Aloqador xabarlar