Turkiyalik shifokor O’zbekistonda 11 nafar bolani operatsiya qildi

Turkiyadagi Hitit Universiteti Tibbiyot fakulteti dekani o’rinbosari va Jarrohlik bo'limi kafedrasi o'qituvchisi professor Chag’atoy Evrim Afsharlar O’zbekistonda bir hafta mobaynida malakali o'zbek jarrohlar bilan birga 11 nafar bolani operatsiya qildi.

1610762
Turkiyalik shifokor O’zbekistonda 11 nafar bolani operatsiya qildi

 

Turkiyadagi Hitit Universiteti Tibbiyot fakulteti dekani o’rinbosari va Jarrohlik bo'limi kafedrasi o'qituvchisi professor Chag’atoy Evrim Afsharlar maxsus taklif bilan O’zbekistonga tashrif buyurdi. Malakali turk shifokor O’zbekistonda 11 nafar bolani operatsiya qilib, ularni davoladi.

Afsharlar poytaxt Toshkentdagi Milliy bolalar shifoxonasi bosh shifokori professor Alisher Sharipov tomonidan O’zbekistonga taklif qilingandi. Taklifni qabul qilgan Afsharlar O’zbekistonda bir hafta mobaynida shifoxonaning malakali jarrohlari Xoshim Sultonov, Mansur Nasirov va onkolog Kamol Iskandarovning ko'magida 11 nafar bolani operatsiya qildi.

Ushbu bemor bolalar tug’ma yopiq qizilo'ngach, o’simta va boshqa turli kasalliklardan azob chekayotgandi. Operatsiya muvaffaqiyatli o’tgan va hozirda bolalar o’zini yaxshi his qilmoqdalar.

Malakali turk shifokor Afsharlar shuningdek, o’zbek shifokorlar bilan o'z tajribalarini almashdi. Uning aytishicha, shifokor bundan avval ham uch marta O'zbekistonga tashrif buyurgan.

Turkiyada jarrohlik amaliyotlarida yangi usullardan foydalanayotganini aytgan Afsharlar, O'zbekistonda jarrohlik operatsiyasini kutayotgan bolalarni davolashga o’z hissasini qo’shganidan bag’oyat mamnunligini tilga oldi.

Dastlab, saraton kasalligiga chalingan 3 ta bolani operatsiya qilgan turk shifokor quyidagilarni tilga oldi.

“Ushbu bemorlarga mamlakatdagi ko'plab tibbiy klinikalar tomonidan ularning o’simtalarini olib tashlashning iloji yo'qligi aytilgan. Biz esa muvaffaqiyatli operatsiyalar bilan o’simtalarni olib tashladik. So’ngra, qizilo'ngach va oshqozon kasalligiga chalingan bolalarni operatsiya qildik”,-dedi turk professor Chag’atoy Evrim Afsharlar.

Ta’kidlanishicha, o’ta nozik va ilg'or tajribani talab qiladigan ushbu operatsiyalar ilgari O'zbekistonda kichik yoshdagi bemorlarda amalga oshirilmagan. Holati laparoskopiya va videotorakoskopiyani talab qiladigan bemorlarda rejalashtirilgan operatsiyalar ham muvaffaqiyatli amalga oshirilgan.

“Operatsiyadan keyingi davrda barcha bemorimiz hech qanday muammoga duch kelmadi”,-deydi u.

Afsharlar O'zbekistonda sog'liqni saqlash infratuzilmasi yaxshi ekanligini, faqatgina ba'zi sohalarda tajribali shifokorlar yetishmayotganligini qo’shimcha qilib o’tgan.

“Mamlakatimiz sog'liqni saqlash sohasida juda katta yutuqlarga erishdi. Xorijda turk shifokorlariga bo'lgan ishonch juda katta. Ular turkiyalik shifokorlarning tajribalarini yaxshi bilishadi. O'zbekiston ajdodlar yurti, ular bizning qardoshimiz. Biz bu yerga kelganimizdan va xizmat qilganimizdan xursandmiz”, - deb aytgan professor Afsharlar.



Aloqador xabarlar