Fuat O'ktay:"2021 yil O'zbekiston-Turkiya munosabatlarida katta muvaffaqiyatlar yili bo‘ladi"

Turkiyada “Business TURK” jurnalining yangi soni O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlandi. Jurnalning ushbu sonida  Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat O'ktayning ikki mamlakat munosabatlari haqidagi fikr-mulohazalari ham chop etildi.

1608127
Fuat O'ktay:"2021 yil O'zbekiston-Turkiya munosabatlarida katta muvaffaqiyatlar yili bo‘ladi"

 

Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti: O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi o‘xshashlik — bu mamlakatlarimizning islohotlar va yangilanishlarga intilishidir.

Avval xabar berilganidek, Turkiyaning ommabop “Business TURK” jurnalining yangi soni O‘zbekiston-Turkiya munosabatlariga bag‘ishlandi. Jurnalning ushbu sonida  Turkiya Respublikasi vitse-prezidenti Fuat O'ktayning ikki mamlakat munosabatlari haqidagi fikr-mulohazalari ham chop etildi.

Quyida ushbu material matni eʼtiboringizga havola etilmoqda.

Markaziy Osiyo markazida joylashgan O‘zbekiston so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli yangilanish va islohotlar natijasida  jozibador mamlakatga aylandi. Mamlakatning salohiyati kundan kunga oshib bormoqda. Mintaqadagi barcha davlatlar bilan qo‘shni bo‘lgan O‘zbekistonning markaziy geostrategik joylashuvi, yosh va harakatchan aholisini hisobga olgan holda aytish mumkinki, mamlakatda kuzatilayotgan ijobiy o‘zgarishlar ko‘p jihatdan mintaqa farovonligi va barqarorligi uchun ham yana-da ko‘proq ahamiyat kasb etmoqda.

Ajdodlarimizdan meros qolgan umumiy maʼnaviyat va madaniyatimizda alohida mavqega ega O‘zbekiston bilan munosabatlarda, ayniqsa, so‘nggi yillarda erishilgan strategik hamkorlik, hamjihatlikda ishlash tajribasi va intilishimizning yuqori darajasini saqlab turish va yana-da rivojlantirish – umumiy maqsadimizdir. Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an va Prezident Shavkat Mirziyoyevning alohida va qatʼiyatli saʼy-harakatlari bilan o‘zaro munosabatlarimiz strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasida Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi tashkil qilingani o‘zaro munosabatlarimizning institutsional asoslarini mustahkamlash bilan birga kelgusi aloqalarimiz uchun istiqbolli ufqlarini ochib berdi.

Boshqa tomondan, kamina hamraislik qilayotgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiya mexanizmi doirasida davlatlarimiz o‘rtasidagi kuchli iqtisodiy salohiyatni ro‘yobga chiqarish, hamkorlik va sheriklik maqsadlarini yana-da yuqori darajaga ko‘tarish uchun muhim ishlar amalga oshirilmoqda.

2019 yil 23 iyul kuni bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 5-yig‘ilishidan so‘ng 2020 yil 19 fevral kuni Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi doirasida imzolangan "Yo‘l xaritasi" bilan savdo, investitsiyalar, transport, energetika, taʼlim, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, texnologiya, ijtimoiy taʼminot kabi ko‘plab sohalarda hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish haqida kelishib oldik.

Hukumatlararo qo‘shma komissiyaning 5-yig‘ilishi doirasida tashkil etilgan O‘zbekiston-Turkiya biznes-forumida esa 400 ga yaqin ishbilarmonning qatnashgani ham o‘ziga xos ijobiy natijalar bermoqda.

Hamkorlik bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” bandlarini aniqlash bilan birga asosiy maqsadimiz hisoblangan – ushbu bandlardagi vazifalarni amalga oshirish mexanizmlariga alohida eʼtibor qaratdik. Natijada, 2020 yil yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi bog‘liq inqirozga qaramay, biz o‘zbek birodarlarimiz bilan turli platformalarda yaqin va konstruktiv ishlashni davom ettirmoqdamiz.

Xususan, O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligidagi delegatsiyaning 2020 yil 28 iyul kuni mamlakatimizga tashrifi chog‘ida biz ikki tomonlama munosabatlarning deyarli barcha masalalarini kelishib oldik. Jumladan, Hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya tomonidan imzolangan "Yo‘l xaritasi" bandlarini muhokama qildik, shuningdek, o‘zaro hamkorligimizni yana-da rivojlantirishga qaratilgan odimlarni ko‘rib chiqdik.

Konstruktiv muhitda o‘tgan ushbu uchrashuvda men yana bir bor o‘zbek birodarlarimiz bilan hamfikr va oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishda yakdil ekanimizni his qildim.

O‘zbekiston bilan o‘rtamizdagi yana bir o‘xshashlik — bu mamlakatlarimizning islohotlar va yangilanishlarga intilishidir.

So‘nggi to‘rt yilda O‘zbekistonda kuzatilayotgan islohotlar jarayoni mamlakatimizning so‘nggi 18 yil ichidagi muvaffaqiyatlar tarixini esga solishini mamnuniyat bilan aytmoqchiman.

O‘xshash muvaffaqiyatlarimiz va mushtarak marralar, biz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga qisqa vaqt ichida erishish imkoniga ega ekanimizni ko‘rsatmoqda.

2019 yil ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmi o‘tgan yilga nisbatan 36 foizga o‘sdi va taxminan 2,4 milliard dollarga yetdi. Ushbu eʼtiborga molik o‘sish bizni birinchi maqsadimiz — 5 milliard dollarlik savdo hajmiga bir qadam yaqinlashtirdi. Garchi 2020 yilning dastlabki 10 oyi maʼlumotlariga ko‘ra, global epidemiya sharoitlari sababli savdo hajmi 13,5 foizga qisqarganini ko‘rsatsada, biz bu yilgi maʼlumotlarni salohiyatimizga muvofiq deya olmaymiz. Favqulodda sabablar tufayli yuzaga kelgan ushbu pasayishning o‘rnini yangi yilda albatta to‘ldiramiz, deb umid qilaman.

O‘tgan yili o‘z mustaqilligining 29 yilligini nishonlagan O‘zbekiston, ayniqsa, so‘nggi yillarda o‘z tarixida muhim yo‘lni bosib o‘tdi.

Pandemiya sababli 2020 yil dunyoda retsessiya kuzatilgan bo‘lsada, 2021 yil mamlakatlarimiz uchun o‘zaro munosabatlarda katta muvaffaqiyatlar yili bo‘ladi, deb ishonaman.

Turkiya O‘zbekistonning barcha sohalardagi salohiyatidan yaxshi xabardor. Ushbu salohiyatni ro‘yobga chiqarish uchun birodar O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.

Umumiy farovon kelajak uchun biz hamkorlik yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishimiz va mavjudlarini chuqurlashtirishda davom etishimiz kerak. Zero pandemiyadan keyin yuzaga kelishi muqarrar bo‘lgan yangi dunyo tartibi bizga ushbu doirada yangi imkoniyatlar taqdim etadi.

Do‘st mamlakatlarimiz va qardosh xalqlarimiz manfaatlari yo‘lida ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish – bizning vazifamizdir”

 


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya , #Fuat O'ktay

Aloqador xabarlar