Turkiya va Qozog’iston mudofaa sanoati bo’yicha hamkorlikni rivojlantirmoqchi

Turkiya milliy mudofaa vaziri o’rinbosari Muhsin Dere Qozog’istonga ikki kunlik rasmiy tashrifi doirasida Qozog’iston mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev bilan uchrashdi.

1577626
Turkiya va Qozog’iston mudofaa sanoati bo’yicha hamkorlikni rivojlantirmoqchi

 

Turkiya va Qozog’iston mudofaa sanoati bo’yicha hamkorlikni rivojlantirmoqchi.

Qozog’iston mudofaa vazirligi bayonotiga ko’ra, Turkiya milliy mudofaa vaziri o’rinbosari Muhsin Dere Qozog’istonga ikki kunlik rasmiy tashrifi doirasida Qozog’iston mudofaa vaziri Nurlan Yermekbayev bilan uchrashdi.

Tomonlar ikki mamlakat o’rtasida mudofaa sanoati bo’yicha hamkorlik, shuningdek harbiy ta’lim sohasida hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Qolaversa, mudofaa sanoati sohasida ikki tomonlama shartnomalarni amalga oshirishning joriy holati hamda ularni hayotga tatbiq etishni jadallashtirish bo‘yicha kelgusi chora-tadbirlarni muhokama qildilar.

Qozog’iston bilan Turkiya o’rtasida ko’p qirrali strategik aloqalarni rivojlantirish yo’lida birgalikda olib borilayotgan ishlarni faollashtirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shu bilan birga, yirik turk kompaniyalari bilan hamkorlik faoliyatlari ko’zdan kechirildi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri o’rinbosari Muhsin Dere yetakchiligidagi delegatsiya Qozog’iston sanoat vaziri Beibit Atamkulov bilan ham uchrashdi.

Qozog’iston sanoat vaziri suhbat avvalida Turkiya koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish borasidagi xalqaro saʼy-harakatlarga salmoqli hissa qo‘shayotganini yuksak baholadi hamda ushbu xavfli kasallikning oldini olish, unga chalinganlarni samarali davolash va reabilitatsiya qilishda Qozog’istonga ko‘rsatilayotgan katta amaliy ko‘mak uchun minnatdorlik bildirdi.

Ayni vaqtda, ikki mamlakat o’rtasida hamkorlikda optika va radio elektronik harbiy mahsulotlarni ishlab chiqarishda erishilgan yutuqlarni yuqori baholadi.

Muhsin Dere Qozog’iston Turkiya uchun O’rta Osiyodagi eng muhim sherik ekanligini ta’kidladi.

Tomonlar har doimgidek ochiq, samimiy, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan uchrashuv yakunlaridan mamnun ekanliklarini qayd etdilar.

“Uzun va samarali uchrashuvlarni amalga oshirdik. Ikki qardosh mamlakat o’rtasida harbiy va texnik sohalarda bir qator yangi shartnomalarni tuzish rejalanmoqda”,-deb aytgan Turkiya milliy mudofaa vaziri o’rinbosari Muhsin Dere.

Turkiya delegatsiyasi tashrif doirasida Qozog’iston poytaxtida joylashgan 4ta yirik mudofaa sanoati kompaniyasi faoliyati bilan tanishdilar, shuningdek “Nursulton Nazarboyev” nomidagi milliy mudofaa universitetida bo’ldilar.


Tanlangan kalimalar: #mudofaa sanoati , #Qozog'iston , #Turkiya

Aloqador xabarlar