Sardor Umurzoqov Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktay bilan uchrashdi

Uchrashuv ishtirokchilari savdo-iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi bir qator hukumatlararo bitimlarini ratifikatsiya qilish protseduralari tugallanganligi to‘g‘risida fikr almashdilar.

1464730
Sardor Umurzoqov Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktay bilan uchrashdi

 

Anqara shahrida O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari Sardor Umurzoqov rahbarligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasining Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘ktay va Turkiyaning asosiy vazirlik va idoralari rahbariyati bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur uchrashuv COVID-19 pandemiyasining ikki mamlakat iqtisodiy aloqalarini rivojlanishiga ko‘rsatayotgan salbiy ta'sirini kamaytirish, shuningdek, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida investitsiya, savdo, transport va logistika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.

Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha maslahatlar berish va tibbiy muassasalarni boshqarishda ko‘maklashish uchun turkiyalik shifokorlarning O‘zbekistonga tashriflarini tashkil qilishning imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv ishtirokchilari savdo-iqtisodiy sohada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi bir qator hukumatlararo bitimlarini ratifikatsiya qilish protseduralari tugallanganligi to‘g‘risida fikr almashdilar.

Ikki tomonlama idoralararo muvofiqlashtiruv natijasida hozirga qadar Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, Ikki tomonlama soliq solinishini oldini olish to‘g‘risidagi bitim, shuningdek, Xalqaro kombinatsiyalangan yuk tashish to‘g‘risidagi bitim hamda Xalqaro yo‘lovchi va yuklarni tashish to‘g‘risidagi bitimlarning kuchga kirishiga erishilganligi ta'kidlandi. 

Imtiyozli savdo to‘g‘risidagi bitim loyihasini birgalikda ishlab chiqish doirasida o‘zaro hamkorlikni faollashtirish va loyiha bo‘yicha kelishish jarayonlarini qisqa muddatda yakunlash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Uchrashuv doirasida joriy yilning fevral oyida amalga oshirilgan yuqori darajadagi tashrif chog‘ida tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Harakatlar rejasi”ning bajarilishi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, uchrashuv yakunlariga muvofiq tomonlar Hukumatlararo qo‘shma iqtisodiy komissiya majlisini shu yil oxirigacha Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar.

 



Aloqador xabarlar