O'zbekistonning Fargʻona va Turkiyaning Bursa viloyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Ikki hudud kelgusida sanoat, toʻqimachilik, qishloqxoʻjaligi, turizm, taʼlim kabi yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

1458381
O'zbekistonning Fargʻona va Turkiyaning Bursa viloyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi

 

Fargʻona viloyati va Turkiyaning Bursa viloyati oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ikki hudud kelgusida sanoat, toʻqimachilik, qishloqxoʻjaligi, turizm, taʼlim kabi yoʻnalishlarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarda yangi sahifa ochildi. Bunda Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Rejep Tayyip Erdoʻgʻonning siyosiy irodasi, qatʼiyati muhim asos boʻldi. Yaʼni, ikki mamlakat rahbarlari oʻrtasidagi doʻstona aloqalar, muntazamlik kasb etayotgan uchrashuvlar, samimiy muloqotlar oʻzaro hamkorlik rivojiga katta turtki bermoqda. Ayni kunlarda hududlararo hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, manfaatli kelishuvlarga, yangi investitsion loyihalarni amalga oshirishga erishilmoqda. Buni Fargʻona va Bursa viloyatlari oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarda ham koʻrish mumkin.

Ikki viloyat hokimligi oʻrtasida tashkil etilgan videokonferensiyada hamkorlik aloqalarini mustahkamlash istiqbollari muhokama qilindi.

Fargʻona viloyati hokimi Shuhrat Gʻaniyev ikki davlat oʻrtasidagi aloqalarini tobora rivojlantirishda nafaqat mamlakatlar oʻrtasida, balki hududlararo doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini keng yoʻlga qoʻyish juda muhim ekanligini taʼkidladi.

Fargʻona viloyatida Turkiyalik tadbirkorlar ishtirokidagi 41 ta korxona va tashkilotlar tashkil etilgan. Ular toʻqimachilik, yengil sanoat, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va eksport qilish, gilamchilik va sanoatning boshqa sohalarida faoliyat koʻrsatmoqda.

Fargʻona viloyati kelgusida Bursa viloyati bilan bir qator yoʻnalishlarda hamkorlikni yoʻlga qoʻyishni rejalashtirmoqda.

Viloyatda bir yilda oʻrtacha 82 ming gektar yer maydonlaridan 250 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtiriladi. Yetishtirilgan mahsulotlar toʻliq qayta ishlashga yoʻnaltirilib, ip-kalava mahsulotlari olinadi. Mazkur ip-kalava mahsulotlarini ikkilamchi qayta ishlash orqali tayyor trikotaj mahsulotlarini olish uchun toʻqimachilik-tekstil korxonalari tashkil etish yoʻnalishida qoʻshma investitsion loyihalarni amalga oshirish dolzarb masala hisoblanadi. Shuningdek, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, qurilish, turizm, madaniyat sohalarida hamkorlik loyihalari bajariladi. Margʻilon shahrida Bursa Uludagʻ universitetining filialini ochish boʻyicha ham amaliy saʼy-harakatlar boshlangan.

Bursa viloyati hokimi Yokub Janboʻlat oʻz soʻzida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyishga tayyor ekanligini bildirdi va Shuhrat Gʻaniyev boshchiligidagi delegatsiyani sentyabr oyida Bursaga taklif qildi.

Onlayn shaklida tashkil etilgan tadbirda ikki tomonlama manfaatli hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, muloqotlarni muntazam oʻtkazishga kelishib olindi.



Aloqador xabarlar