O'zbekistondan xabarlar 20-qism

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

1414862
O'zbekistondan xabarlar 20-qism

 

Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiQirgʻiziston Respublikasi Prezidenti bilan telefon orqali muloqot qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-may kuni Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari mamlakatlar oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston va Qirgʻiziston hukumatlarining koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda yaqindan hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Mamlakatlarimizda ushbu xavfli kasallik tarqalishining, avvalo, savdo-iqtisodiy aloqalarga salbiy oqibatlarini kamaytirish borasida koʻrilayotgan chora-tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.

Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining navbatdan tashqari sammitida qabul qilingan qarorlarga muvofiq Sogʻliqni saqlash va Transport vazirliklari rahbarlarining tashkil etilgan koʻp tomonlama maslahatlashuvlari natijalari yuksak baholandi.

Prezidentlar Oʻzbekistonda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalarni ham koʻrib chiqdilar.

Muloqot yakunida oʻzaro tovar ayirboshlashning yuqori surʼatini saqlash, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani kengaytirish, ustuvor investitsiya va infratuzilma, shu jumladan mintaqaviy ahamiyatdagi loyihalarni ilgari surishga qaratilgan birgalikdagi ishlarni faol davom ettirishga kelishib olindi.

Suhbat chogʻida qator xalqaro masalalarga ham toʻxtalib oʻtildi.

 

Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi.

Davlat rahbarlari ikki tomonlama yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalarini koʻrib chiqib, amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Epidemiologik vaziyat rivojini nazorat qilish va koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga ushbu xavfli kasallikka qarshi kurashishda oʻzaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish va yaqindan hamkorlikni davom ettirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Pandemiyaning avvalo Oʻzbekiston-Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalari uchun salbiy oqibatlarga olib kelishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida oldindan chora koʻrish va yuzaga kelayotgan barcha masalalarni tezkor hal qilish zarurligi qayd etildi.

Oʻzaro savdoda yuqori oʻsish surʼatlarini ushlab qolish, transport qatnovlarini taʼminlash, sanoat, energetika, qishloq xoʻjaligi, moliya va boshqa sohalarda ustuvor loyihalarni amalga oshirish boʻyicha harakatlar tartibini birgalikda ishlab chiqish maqsadida tegishli vazirlik va idoralar oʻrtasida muntazam videoanjumanlar oʻtkazib turish muhim ekani taʼkidlandi.

Shuningdek, Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi.

Telefon muloqoti chogʻida Oʻzbekiston va Tojikiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

Suhbat har doimgidek samimiy, konstruktiv va doʻstona ruhda oʻtdi.

 

Oʻzbekiston Prezidenti va XXR Raisi telefon orqali muloqot qildilar.


Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan telefon orqali muloqot qildi.

Har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtgan suhbatda Oʻzbekiston va XXR yetakchilari ikki tomonlama hamkorlikka doir va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalarni koʻrib chiqdilar.
Davlat rahbarlari koronavirus infeksiyasiga qarshi davom etayotgan kurashning eng murakkab davrida koʻrsatilgan oʻzaro koʻmak va gumanitar yordamni katta mamnuniyat va minnatdorlik bilan qayd etdilar.

Aprel oyining ikkinchi yarmida ushbu xavfli virus bilan kasallanganlarni aniqlash, davolash va reabilitatsiya qilish sohasida Xitoyning ulkan amaliy tajribaga ega yetakchi vrachlari guruhi Oʻzbekistonda boʻldi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoylik mutaxassislar yuksak professional mahorat namoyish etganliklari, ularning mamlakat hududlaridagi mashaqqatli mehnati pandemiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga xizmat qilganini alohida taʼkidladi.
Bularning barchasi Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonchga asoslangan hartomonlama strategik sheriklik munosabatlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi, deb taʼkidladilar davlat rahbarlari.

Ikki mamlakatning Sogʻliqni saqlash va sanitariya-epidemiologiya nazorati sohasidagi idoralari oʻrtasida faol almashinuvlarni davom ettirishga kelishib olindi.

Shuningdek, koʻpqirrali, shu jumladan siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya, energetika, qishloq-xoʻjaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikning holati va uni kengaytirish istiqbollari batafsil muhokama qilindi.

Suhbat natijalariga koʻra ikki tomonlama oliy darajadagi tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrishishlari davom ettiriladi.

Ikki mamlakat vazirlik va idoralari, hududlar maʼmuriyatlari, bank-moliya institutlari va yetakchi kompaniyalari pandemiyaning salbiy oqibatlarini kamaytirish hamda oʻzaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlarni izlash maqsadida hamkorlikdagi ishlarini faollashtiradi. Bular, avvalo, oʻzaro savdo hajmini oshirish va uning mutanosibligiga erishish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini mustahkamlash va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, yuktashish hajmining oʻsishi uchun qulay sharoitlar yaratish, gumanitar dasturlarni ilgari surishdir.
Davlat rahbarlari mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida birgalikdagi saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirib borishga qatʼiy intilish tasdiqlandi.

Suhbat yakunida Oʻzbekiston va Xitoy yetakchilari doʻstlik va har tomonlama strategik sheriklik ruhidagi keng koʻlamli hamkorlikni bundan buyon ham kengaytirishga tayyor ekanliklarini yana bir bor taʼkidladilar.

 

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, mamlakat faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Jabr koʻrgan tumanlarda aholiga manzilli yordam koʻrsatish va infratuzilmani tiklash boʻyicha navbatdagi qadamlar kelishib olindi.

Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bogʻliq joriy epidemiologik vaziyatni ham koʻrib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida mamlakatlararokoʻrilayotgan choralar qoʻllab-quvvatlandi.

Muloqot chogʻida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston va Qozogʻiston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida koʻp asrlik doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklikka asoslangan keng koʻlamli Oʻzbekiston-Qozogʻiston hamkorligini kengaytirishga intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.

 

Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan ham telefon orqali muloqot qildi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8-may kuni Qozogʻiston Respublikasining Birinchi Prezidenti – Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida ikki mamlakat yetakchilari Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklab, ezgu tilaklar bildirdilar.

Janggohlarda jonini ayamay, front ortida fidokorona mehnat qilib, Gʻalabaga erishgan ota-bobolarimizning jasorati va qahramonligi birodar xalqlarning minnatdor xotirasida mangu qolishi alohida qayd etildi.

Muloqot chogʻida chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bilan bogʻliq masalalar koʻrib chiqildi. Aholiga zarur yordamni koʻrsatish, infratuzilma va kommunikatsiyalarni qayta tiklash borasida birgalikda amalga oshirilayotgan birinchi navbatdagi tadbirlar qoʻllab-quvvatlandi.

Mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash samarali kechayotgani mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu xavfli kasallikning oldini olish va davolashda vakolatli idoralarning yaqindan muvofiqlashuvi va hamkorligini davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini, avvalo savdo-iqtisodiy sohada kengaytirish masalalariga alohida toʻxtaldilar.

Pandemiyaning salbiy oqibatlari taʼsirini kamaytirish maqsadida amaliy hamkorlikning yangi loyihalari va yoʻnalishlarini ishlab chiqishda ikki mamlakat bosh vazirlari rahbarligidagi qoʻshma Hukumatlararo komissiyaning muhim rol oʻynashi taʼkidlandi.

Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar hamda Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash yuzasidan fikr almashildi.

 

Oʻzbekiston va Belarus Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar.

 

8-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Davlat rahbarlari kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlariga samimiy tabrik va tilaklar bildirdilar. Birodar xalqlarning Buyuk Gʻalabaga erishishda beqiyos hissa qoʻshgani alohida qayd etildi.

Suhbatda Oʻzbekiston va Belarus oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari koʻrib chiqildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo munosabatlari jadal rivojlanayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlab chiqarish kooperatsiyasi kengayib borayotgani, hududlar va ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi muloqotlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va taʼlim sohasidagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va sheriklikning yangi yoʻnalishlarini ilgari surish maqsadida qoʻshma Hukumatlararo komissiya doirasidagi uchrashuvlarni, shu jumladan videoanjumanlar shaklida davom ettirishga kelishib olindi.

Prezidentlar pandemiya bilan bogʻliq ikki mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildilar hamda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda aloqador idoralarga yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni taʼminlash boʻyicha topshiriq berdilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi doirasida koʻp tomonlama qoʻshma tadbir va dasturlarni amalga oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbat har doimgidek samimiy va doʻstona ruhda oʻtdi.

 



Aloqador xabarlar