O'zbekistonda Abdulla Aripov hukumati iste'foga chiqdi

O’zbekiston Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida bosh vazir Abdulla Aripovning Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risidagi murojaati o‘qib eshittirildi.

1344593
O'zbekistonda Abdulla Aripov hukumati iste'foga chiqdi

 

 

O’zbekiston Oliy Majlis Senatining birinchi yalpi majlisida bir qator tashkiliy masalalar ko‘rib chiqildi.

Majlisda bosh vazir Abdulla Aripovning Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilish to‘g‘risidagi murojaati o‘qib eshittirildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yangidan saylangani munosabati bilan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi to‘g‘risidagi qonunning 6-moddasiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi yangi saylangan Oliy Majlisi oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qiladi”, -deyiladi hukumat murojaatida.

Bu masala bo‘yicha Senat tomonidan iste'foni qabul qilish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilingan.

Davlat konstitutsiyasiga ko’ra, iste’fo etgan hukumat yangi hukumat tarkibi qaytadan tayinlangunicha o’z faoliyatini davom ettiradi.

Parlamentning quyi va yuqori palatasi bugun o’tkaziladigan majlisda bosh vazirlikka yangi nomzod ko’rsatishni muhokama qiladi.

Mamlakatda 2019 yil 22 dekabrda bo’lib o’tgan saylovlarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 53 nafar deputatlik o‘rnini egallab, mamlakat tarixida to‘rtinchi bor parlamentdagi eng yirik fraksiyani tashkil etgandi. Ushbu partiya bosh vazirlikka qaytatdan Abdulla Aripov nomzodini ilgari surgandi.

Asosiy qonunga binoan, O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi prezidentiga ko‘rib chiqish uchun taqdim etiladi. 

 

 



Aloqador xabarlar