O'zbekistondan Xabarlar 30- qism
O'tgan xaftada Qirg'izistonning Cho`lpon ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari qo`shma bayonot qabul qilishdi.
O'tgan xaftada Qirg'izistonning Cho`lpon ota shahrida Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi bo`lib o`tdi.
Tadbirda Qozog`iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Qayrat Abdraxmanov, Qirg`iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Erlan Abdildayev, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin, O`zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o`rinbosari Berdiniyaz Myatiyev ishtirok etdi.
O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabariga ko`ra, Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlari uchrashuv yakunlariga ko`ra qo`shma bayonot imzolandi.
Vazirlar 2018 yil 15 martda Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Ostona shahridagi ishchi uchrashuvida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida, Qirg`iziston tomoni tashabbusiga ko`ra do`stona ruhda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning hozirgi holati va istiqbollarini, xavfsizlikni ta`minlash, chegara, transport va tranzit aloqalari, suv-energetika manbalaridan foydalanish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlik, jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlarining xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorligi masalalarini muhokama qilishdi.
Uchrashuvda Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining 2019 yil mart oyida mintaqaviy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo`lib o`tadigan navbatdagi maslahatlashuv uchrashuvining muhimligi e`tirof etildi.
Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasidagi davlat chegarasini xalqaro huquqiy rasmiylashtirish jarayonidagi hamda mintaqadagi hududlararo va chegaraoldi hamkorligining faollashishidagi ijobiy dinamika qo`llab-quvvatlandi.
Tashqi ishlar vazirlari xalqaro terrorizm va ekstremizm, narkotiklarning noqonuniy aylanishi, uyushgan transmilliy jinoyatlar hamda mintaqaviy xavfsizlikning tahdidlariga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikni, jumladan xalqaro va mintaqaviy tashkilot doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishning zarurligini ta`kidlashdi. Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash, o`zaro savdoni ko`paytirish uchun qulay sharoitlar yaratishning zarurligini qayd etildi.
Yig`ilganlar mintaqaning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish mintaqa davlatlarining iqtisodiy hamkorligi mustahkamlanishiga, transport infratuzilmasining rivojlanishiga va transport kommunikatsiyalari orqali tranzit yuk tashishni yo`lga qo`yishga imkon yaratishini tasdiqlashdi.
Uchrashuvda, Markaziy Osiyoda suv-energetika manbalaridan kompleks foydalanish qo`llab-quvvatlandi hamda mintaqaning barcha mamlakatlari qiziqishlaridan va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda mazkur sohadagi o`zaro manfaatli hamkorlikning barqaror uzoq muddatli mexanizmlarini ishlab chiqishning zarurligiga urg`u berildi.
Markaziy Osiyo davlatlari xalqlarining madaniyati, tarixi va tillari mustarakligi qayd etilib, tomonlar ta`lim, madaniyat, san`at, fan, turizm va boshqa sohalardagi davomiy hamkorlik tarafdori ekanliklari tasdiqlandi.
Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvi Markaziy Osiyoning beshta mamlakati xalqlari o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik, hamjihatlik va ishonchga asoslangan mintaqaviy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qo`shimcha sur`at bag`ishlashiga ishonch bildirdilar.
Mintaqaviy hamkorlikning holatini muhokama qilish va ularning keyingi rivojlanishi istiqbollarini belgilab olish uchun Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasidagi siyosiy muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar. Vazirlar shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining keyingi uchrashuvini Tojikiston Respublikasida o`tkazilishiga kelishib oldilar.
O`zbekiston va Qirg`iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalarini muxokama qildi.
Shu yilning 9-15 iyul kunlari Qirg`izistonning O`sh shahrida Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo`yicha O`zbekiston va Qirg`iziston delegatsiyalari ishchi guruhlarining navbatdagi muzokaralari bo`lib o`tdi.
Uchrashuvda O`zbekiston va Qirg`iziston tomoni 2 ta uchastkada chegara chizig`ini belgilab oldi.
Bu haqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Muzokaralar chog`ida 2-7 iyul kunlari O`zbekistonning Namangan va Farg`ona viloyatlari bilan Qirg`izistonning Botkent va Jalolobod viloyatlari tutashgan hududlarda joylashgan uchastkalarda o`tkazilgan qo`shma dala tekshiruvlarining yakunlari ko`rib chiqildi.
Matbuot xizmati xabariga ko'ra, qo`shma dala tekshiruvlari natijasida ikki hududdan, jumladan G`ova uchastkasi va qisman G`ovasoydan o`tuvchi chegara chizig`i belgilab olindi.
Muzokaralar yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov o'tgan xaftada Farg`ona shahrida Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzoda bilan uchrashdi.
Bu xaqda O`zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda delegatsiyalar tarkibiga vazirliklar va idoralar, etakchi iqtisodiy tuzilmalar rahbarlari o'rin oldi.
İkki davlat bosh vazirlari ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini, avvalo oliy darajada bo`lib o`tadigan O`zbekiston-Tojikiston uchrashuviga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.
Shuningdek, joriy yilning mart oyidagi O`zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tojikiston Respublikasiga davlat tashrifi va prezident İmomali Rahmon bilan muzokaralari davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko`rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion sohalardagi hamkorlikni faollashtirish maqsadida tomonlar Ishbilarmonlar kengashining navbatdagi yig`ilishini o`tkazish va O`zbekiston va Tojikiston hududida ikki davlat ishbilarmon doiralari faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishga kelishib olishdi.
O`zbekiston tomoni Tojikiston Respublikasi prezidenti İmomali Rahmonning O`zbekistonga davlat tashrifi arafasida Toshkent shahrida "Tojikistonda ishlab chiqarilgan" milliy sanoat ko`rgazmasining hamda birgalikdagi O`zbekiston-Tojikiston biznes-forumining o`tkazilishini qo`llab-quvvatladi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlikning ahamiyati haqida to`xtalar ekan, O`zbekiston va Tojikiston bosh vazirlari o`zbek va tojik xalqlari o`rtasidagi birodarlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan tadbirlarni o`tkazish borasidagi qo`shma harakatlarni kelishib olishdi.
Tomonlar barcha sohalardagi ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga sodiqligini va ularni bundanda samarali va sermahsul bo`lishligi uchun barcha zarur choralarni ko`rishga tayyor ekanliklarini yana bir bor ta`kidlashdi.
Bosh vazirlar bo`lajak oliy darajadagi O`zbekiston-Tojikiston uchrashuvi davlatlararo munosabatlarni yangi pog`onaga ko`tarishiga hamda ikki davlatlar va xalqlar o`rtasidagi o`zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochishiga ishonch bildirdilar.
Farg`onadagi muzokaralar yakunida uchrashuv Bayonnomasi imzolandi.
O`zbekistonda Atom energetikasini rivojlantirish agentligi tashkil etiladi.
O`zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev imzolagan farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzurida Atom energetikasini rivojlantirish agentligi - "O'zatom" tashkil etiladi.
Farmonga muvofiq, "O'zatom" agentligi atom energetikasini rivojlantirish va undan foydalanish sohasidagi yagona davlat siyosati hamda strategik yo`nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish uchun javobgar davlat idorasi bo`ladi.
O`zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish, atom energetikasi sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun investitsiyalarni, shu jumladan, xorijiy investitsiyalarni jalb etish, sanoat va ekologiya xavfsizligining xalqaro talablariga javob beradigan zamonaviy texnologiyalar va asbob-uskunalarni joriy etgan holda, atom energetikasi ob`ektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish bo`yicha bitimlar va shartnomalar tuzish, atom fani va yadro texnologiyalarini rivojlantirish bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni, fundamental tadqiqotlar, ilmiy-qidiruv, tajriba-konstruktorlik va innovatsion ishlar loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish, ilg`or texnologiyalarni joriy etish, respublikadagi ob`ektlarning radiatsiyaviy va yadroviy xavfsizligi tizimini boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda yadro avariyalari va radiatsiyaviy avariya vaziyatlarining oldini olish bo`yicha tadbirlar rejasini ishlab chiqqan holda takomillashtirish kabilar agentlikning asosiy faoliyat yo`nalishlari hisoblanadi.
"O`zatom" agentligi huzurida manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari, shuningdek, atom energetikasini rivojlantirish sohasidagi xalqaro ekspertlar tarkibiga kiritilgan Ilmiy-texnik va ekspert kengashi tashkil etiladi.
Farmonga muvofiq, Vazirlar Mahkamasi 2018 yil 1 oktyabrga qadar muddatda "Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to`g`risida"gi qonun loyihasini ishlab chiqadi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritadi.
"O`zatom" agentligi, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda 2018 yil 20 dekabrga qadar, 2019-2029 yillarda O`zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish kontseptsiyasi loyihasi, 2019 yil 1 iyunga qadar, ishlab chiqilgan Kontseptsiyaga muvofiq O`zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish bo`yicha investitsiya loyihalari portfeli hamda 2019 yil 1 noyabrga qadar, 2019-2029 yillarda O`zbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish davlat dasturi loyihasini shuningdek, Kontseptsiya va Dasturning o`z vaqtida amalga oshirilishini ta`minlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarning ishlab chiqilishini va tasdiqlash uchun kiritilishini ta`minlashi lozim.