O'zbekiston-Turkiya:Savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari avjida...

Turkiya iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi iqtisodiy va tijoriy aloqalar mustahkamlangan taqdirda, siyosiy aloqalar ham yaxshilanib borishini tilga oldi.

739670
O'zbekiston-Turkiya:Savdo-iqtisodiy hamkorlik aloqalari avjida...

25 may kuni O’zbekistonning poytaxti Toshkent shahrida O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha IV Hukumatlararo komissiya yig'ilishi bo’lib o’tdi.

Yig'ilish O'zbekiston Respublikasi bosh vazir o'rinbosari Rustam Azimov va Turkiya bosh vazir o'rinbosari Tug'rul Turkesh raisligi ostida o'tkazildi.

Yig'ilish davomida ikki mamlakat vakillari bugunga qadar erishilgan yutuqlar va istiqboldagi rejalar haqida gapirib o’tdi.

Turkiya bosh vazir o'rinbosari Tug’rul Turkesh yig’ilishda ikki davlat o’rtasidagi savdo hajmini oshirish kerakligini aytib o’tdi.

Xozirgacha amalga oshirilgan muzokaralarda katta ishlar amalga oshirilganiga e’tibor qaratgan Turkesh: "Uzoq yillik tanaffusdan so'ng mazkur yig'ilishning o'tkazilishi o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat uchun ko'plab sohalarda keng qulaylik va imtiyozlar yaratish bo'yicha birgalikda ish olib borishga imkon beradi”,-dedi.

“Juda havasmand va qiziquvchan ishbilarmonlarimiz bor. Ularga qulay sharoitni yaratish, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantiradigan loyihalarni ishlab chiqish bizning zimmamizda turgan vazifalardan biridir”,-deydi Tug’rul Turkesh.

Turkiya iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi iqtisodiy va tijoriy aloqalar mustahkamlangan taqdirda, siyosiy aloqalar ham yaxshilanib borishini tilga oldi.

Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri Nabi Avji esa, Turkiya bilan O’zbekiston o’rtasidagi turizm shartnomasi 1998 yilda imzolanganini va buni qayta ko’zdan kechirib, yangilash kerakligini tilga oldi.

O'zbekiston Respublikasi bosh vaziri o'rinbosari Rustam Azimov: “Turkiyadagi ilg’or turk kompaniya va firmalarining O’zbekistonga investitsiya kiritishini ijobiy baholaymiz. Biz ilg'or turk biznesining O'zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirishdan, keng ko'lamli va muhim ahamiyatga ega loyihalar sonini oshirishdan manfaatdormiz”,-dedi.

O'zbekiston va Turkiya o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha IV Hukumatlararo komissiya yig'ilishi yakunida sanoat, tijorat va turizm sohalarida bir qator protokollar va shartnomalar imzolandi.

Jumladan, O'zbekiston Respublikasi va Turkiya Respublikasi o'rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo'yicha hukumatlararo qo'shma iqtisodiy komissiya to'rtinchi yig'ilishining Bayonnomasi.

O'zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo'mitasi raisi va Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vaziri uchrashuvlari Bayonnomasi. 

O'zbekiston Respublikasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati o'rtasida daromad soliqlariga nisbatan ikki yoqlama soliqqa tortishni oldini olish to'g'risidagi bitimga o'zgartirish kiritish bo'yicha Bayonnoma loyihasi parafirlandi.

O'zbekiston Respublikasi hukumati va Turkiya Respublikasi hukumati o'rtasida Investitsiyalarni o'zaro rag'batlantirish va himoya qilish to'g'risidagi Bitim loyihasi parafirlandi. 

Turkiya bosh vazir o'rinbosari Tug’rul Turkesh va iqtisodiyot vaziri Nihat Zeybekchi Toshkentda Xalqaro Amir Temur jamg’armasining ochilish marosimiga qatnashdi.

Mazkur jamg’armaning ochilishida TIKA rahbar o’rinbosari Mehmet Sureyya Er va Turkiyaning Toshkentdagi favqulodda va muxtor elchisi Ahmet Bashar Shenin, akademiklar, ko’plab olimlar ishtirok etdi.

 

 



Aloqador xabarlar