Ona diyor obidalari 8- qism

Assalomu alaykum, Ona diyor O`zbekistonning tarixiy obidalar shahriga sayoxat etamiz.

726528
Ona diyor obidalari   8- qism

Tillakori madrasasi 

Samarqanddagi meʼmoriy yodgorlik. Registon ansamblida Ulugʻbek davrida bunyod etilgan Mirzoyi karvonsaroyi (15-a.) oʻrnida Samarqand hokimi Yalangtoʻshbiy Bahodir Madrasa va jome masjid qurdirgan (1641—46). Karvonsaroy asosi ustiga Madrasa (shim. sharqiy qismida), hujralar oʻrnida peshtoq gumbazli masjid (gʻarbida) joylashgan. Dastlab "Yalangtoʻshbiy kichik madrasasi" deb nomlangan. Keyinchalik masjid bezagida boshqa bir obida qurilishiga yetadigan miqdorda oltin sarflangani uchun "tillakori" (tilladan ishlov berilgan) deb yuritila boshlagan.

Assalomu alaykum, Ona diyor O`zbekistonning tarixiy obidalar shahriga sayoxat etamiz.

 Tillakori madrasasi - shahar jome masjidi va Madrasa sifatida foydalanilgan. Shuning uchun masjid katta va serhashamligi bilan boshqa madrasalardan ajralib turadi. Madrasaga gʻarbiy peshtoq orqali kiriladi. Peshtoq chuqur ravoqli, 2 qanotining oldi ravoqli, 2 qavatli hujralar, burchaklarini teng hajmdagi guldasta mezanalar egallagan. Masjid xonaqohining poygumbazi baland, uzoqdan koʻzga tashlanib turadi. Uning gumbazi nihoyasiga yetkazilmagan. Xonaqoh toʻriga marmardan mehrob va zinapoyali minbar ishlangan. Oʻz davrida zarhal naqshlar bilan jozibador bezatilgan xonaqohning 2 yonini oldi ravoqli, gumbaz tomli ayvon (yoʻlak)lar egallagan. Peshtoq ravogʻidagi marmar taxtachada bezak ishlari 1659 - 1660 yillarda bajarilganligi yozilgan.

Tillakori madrasasi bir necha bor taʼmir qilingan. 1817 yilda amir Haydar buyrugʻi bilan zilziladan zarar koʻrgan peshtogʻi qayta tiklanishi jarayonida shakli buzilgan. 1885 yildagi taʼmir vaqtida zarhal naqshlar oddiy boʻyoqlar bilan almashtirilgan. Tillakori madrasasida Samarqand taʼmirlash ustaxonasi 1930yili tashkil etilib, koshinlarning qadimiy rangini topish yoʻlida tadqiqot ishlari olib borilgan. Tillakori madrasasidagi yoʻqolib ketayozgan noyob zarhal naqshlarni ustalar ilmiy oʻrganib, 1970 yilda qayta tikladi. Binokorlar madrasaning Registonga qaragan peshtogʻini Sherdor Madrasa va Ulugʻbek madrasasi bilan moslashtirib qayta qurdi. 1974 yili Peshtoq ravogʻi va ravoq ichidagi qalqonsimon bagʻali, guldastasi hamda xonaqoh gumbazi, ichidagi tilla halli boʻrtma naqshlari qayta jilolandi. Baland gumbazi ustiga feruza rang koshin bilan qoplangan gumbaz oʻrnatildi. 

Bosh tarzidagi bezak mavzularining boyligi, ichki va tashqi naqshlarning serhashamligi, peshtoq qanoti va tokchasidagi iroqi kashtani eslatuvchi bezaklar, boʻrtma yozuvlar oʻziga xosdir. Ravoq burchaklari, bezakli toqilarni toʻldirishda koshinpaz ustalar turli usullarni qoʻllashgan (gʻishtlarning mayda naqshlari koshinlarning handasiy va islimiy naqshlari bilan moslashtirilgan). Koshinkori ravoqlarda yashil tangachalar, sargʻish yaproqlar va feruza poyalar aks ettirilgan. Xonaqoh izorasi koshin namoyon, devori, gumbazi va bagʻali kundal uslubidagi serhasham naqshlarga boy. Mehrob ravogʻi va bagʻali muqarnas kosachalar bilan toʻldirilib, zarhal berilgan hamda Qurʼon oyatlaridan olingan boʻrtma yozuvlar bilan hoshiyalangan

Eshiklar murakkab naqsh va yozuvlar bilan yogʻoch oʻymakorligida pardozlangan. Hovli sahniga marmar yotqizilgan. Atrofidagi hujralarga eshik, tobadoniga panjaralar ishlangan. Hujralar yoz kunlari ham salqin boʻladi. Tillakori madrasasida muzey tashkil etilgan boʻlib, unda madrasani taʼmirlashga oid narsalar saqlangan.



Aloqador xabarlar