Turk olamidan xabarlar 8-qism

Turkmanistonda 12 fevral yakshanba kuni bo’lib o’tgan prezidentlik saylov natijalari e’lon qilindi.

677005
Turk olamidan xabarlar 8-qism

                         

          Birinchi xabarimiz Turkmanistondan olingan.

Turkmanistonda 12 fevral yakshanba kuni bo’lib o’tgan prezidentlik saylov natijalari e’lon qilindi.

Turkmaniston Oliy Saylov va referendum kengashi raisi Gulmurat Muradov saylov natijalarini ma’lum qildi.

Saylov natijalariga ko’ra, mavjud prezident Gurbanguli Berdimuhammedov prezidentlik saylovida 97.69% ovoz olib, takror prezident etib saylandi.

Gurbanguli Berdimuhammedov Turkmaniston demokrat partiyasining nomzodi sifatida saylovlarga qatnashdi.

1997 yili Turkmanistonda sog’liqni saqlash vaziri sifatida 59 yoshida siyosatga qadam bosgan Gurbanguli Berdimuhammedov 2007 yili 89.23%, 2012 yilgi saylovlarda 97.4% ovoz olib prezident lavozimini egallagan edi.

12 fevral yakshanba kuni bo’lib o’tgan saylovlarda 3-marta g’alaba qozongan Gurbanguli Berdimuhammedov bu safar 7 yil mobaynida prezidentlik lavozimini boshqaradi.

2016 yili Turkmaniston majlisi tomonidan konstitutsiyaga o’zgartirish va qo’shimchalar kiritilgan holda, davlat rahbarining xizmat muddati 7 yilga chiqarilgan edi va 70 yosh chegarasi bekor qilingan edi.

Gurbanguli Berdimuhammedovga dunyoning har tomonidan tabrik maktublari kelmoqda.

Jumladan, Turkiya Prezidenti R.T.Erdog’an, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev, O’zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg’iziston Prezidenti Almazbek Atambayev, Qozog’iston Prezidenti Nursulton Nazarbayev va boshqa bir qator davlat rahbarlari Gurbanguli Berdimuhammedovga prezident etib saylangani munosabati bilan tabrik yo’lladi.

 

Navbatdagi xabarimiz Ozarbayjondan olingan.

Yevropa kengashi deputatlar majlisi a’zosi va Ozarbayjon deputati Ganire Pashayeva Ozarbayjon doimo Turkiyaga hamroh ekanini tilga oldi.

Ganire Pashayeva Anadolu xabar agentligiga bergan bayonotida, Ozarbayjon-Turkiya munosabatlari va mintaqadagi o’zgarishlar haqida fikr bildirdi.

Fathulloh Gulen harakatining Turkiya davlatiga qarshi to’ntaruv tashabbusidan so’ng, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev bayonot berganini eslatgan Ganire Pashayeva: “Voqea sodir bo’lgan kuni prezidentimiz Ilhom Aliyev aniq fikrini ifoda etgandi. Prezidentimiz: Turkiyaning kuchi bizning kuchimizdir. Turkiya kuchlansa, Ozarbayjon ham kuchlanadi” degandi. Men ham har doim shuni aytmanki, Turkiyaga otilgan tosh, bizning boshimizga kelib tegadi. Shu sababli, kimda kim Turkiyaga qarshi bosh ko’tarsa, bizdan kerakli javobni oladi”,-dedi.

Tashqi kuchlar Turkiyani nishonga olgan bir davrda, islom dunyosi ham o’z yo’nalishini belgilashi kerakligini aytgan Ganire Pashayeva: “Shuni oshkora aytamanki, Turkiya bo’linsa, islom dunyosi ham bo’linadi. Turkiyaning kuchi islom dunyosining kuchidir. Islom davlatlari shuni tushunib yetishi kerak va tashqi kuchlarga qarshi jasur bo’lish va Turkiyani himoya qilishga majburdirlar”,-dedi.

Turkiya-Rossiya aloqalarining yaxshilanishi mintaqa uchun katta ahamiyat kasb etaganini aytgan Ganire Pashayeva bu hamkorlik Suriyaga tinchlik olib kelishidan umidvorligini tilga oldi.

 

Navbatdagi xabarimiz O’zbekistondan olingan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-fevral kuni “Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Qarorda qayd etilishicha, ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish taklifi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan bildirilgan.

Markaz O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahnamoligida tashkil etiladi.

Prezident qarorida ko‘rsatilishicha, markaz faoliyati O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Imom Termiziy yodgorlik majmuasi, homiylik xayriyalari hamda xorijiy mamlakatlar va xalqaro diniy-ilmiy markazlarning mablag‘ va grantlari hisobidan moliyalashtiriladi.

Mazkur hujjat “islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk alloma Abu Iso Termiziy (Imom Termiziy) va termiziy allomalarning benazir merosini ilmiy asosda chuqur o‘rganish, muqaddas O’zbekiston zamini azal-azaldan ulug‘ allomalar, aziz-avliyolar vatani bo‘lib kelganini mamlakat xalqi va xalqaro jamoatchilik o‘rtasida keng targ‘ib qilish, milliy-diniy qadriyatlarni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularning qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usini yanada kuchaytirish” maqsadida qabul qilingan.

 

Navbatdagi xabarimiz Tataristondan olingan.

Tatariston 2017 yili turkiyalik sayyohlarni kutmoqda.

Ohirgi yillarda Rossiya Federatsiyasi tarkibida joylashgan Tataristonda  viza shartining borligiga qaramay, turk sayyohlar tomonidan katta rag’bat ko’rishi kutilmoqda.

Tataristonda o’tkazilgan Turizm forumida so’zga chiqqan Tatariston Turizm davlat qo’mitasi raisining o’rinbosari Artur Abdurashidov ma’lum qilishicha, har yili Turkiyadan Tataristonga taxminan 10 ming sayyoh kelmoqda.

“Ohirgi ikki yil ichida Turkiyadan Tataristonga kelgan sayyohlar sonida katta ortish kuzatildi. Lekin, ohirgi paytlarda bu raqam biroz kamaydi. Bunga qaramay, Turkiyadan taxminan 10 ming sayyoh har yili Tataristonga sayohat qilmoqda”,-deydi Artur Abdurashidov.

Artur Abdurashidovning aytishicha, Turkiyadan kelganlar nafaqat sayyoh sifatida, balki ish yuzasidan kelmoqdalar. Ba’zilari oldindan yo’lga qo’yilgan aloqalarni davom ettirish maqsadida kelmoqdalar. Ko’plab turk tadbirkorlarning Tataristonda sarmoyasi bor va bularning ba’zilari turizm sohasida amalga oshirilgan.

Forumga Turkiyaning Rossiyadagi elchixonasida Madaniyat va turizm maslahatchisi sifatida faoliyat ko’rsatgan Alper O’zkan ham ishtirok etdi.

Forumda so’zga chiqqan Alper O’zkan sayyohlar faqatgina Rossiyadan Turkiyaga emas, balki Turkiyadan Rossiyaga ham tashrif buyurganini va ohirgi yillarda ikki davlat aloqalarining yaxshilanishi ham ijobiy natija berganini aytdi.

 

 



Aloqador xabarlar