O'zbekiston delegatsiyasi Tojikiston ziyoratini yakunladi

O'zbekiston delegatsiyasi Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon tomonidan qabul qilindi.

643329
O'zbekiston delegatsiyasi Tojikiston ziyoratini yakunladi

2016 yil 27-28 dekabr kunlari Dushanbe shahrida O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o’rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning to’rtinchi majlisi bo’lib o’tdi.

O`zbekiston delegatsiyasini Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon qabul qilib, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevni o’zi uchun qulay vaqtda Tojikiston Respublikasiga rasmiy tashrif bilan kelish taklif etilgan maktubini topshirdi. 

Hukumatlararo komissiya majlisi O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o’rinbosari Rustam Azimov va Tojikiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o`rinbosari Davlatali Said raisligida o’tdi. 

O`zbekiston va Tojikiston o`rtasidagi hamkorlik ikki xalqning asrlar davomida shakllangan yaqin qo`shnichilik, bir-birini qo`llab-quvvatlash va do`stlik munosabatlarini mustahkamlash hamda kengaytirishga intilishini mujassam etadi. 

Ikki mamlakat ham o`zaro samarali hamkorlikni yanada kengaytirish, iqtisodiy sohada qo’shma loyihalarni amalga oshirish va madaniy aloqalarni rivojlantirishdan manfaatdor. 

Komissiya majlisi amaliy, o`zaro hurmat va hamfikrlik ruhida o`tdi. Majlis doirasida o`zaro hamkorlikka oid ko`plab dolzarb masalalar, jumladan, iqtisodiyot, savdo, transport, sanoat, madaniyat, ta`lim, sport va sog`liqni saqlash sohalaridagi aloqalarning asosiy parametrlari ko`rib chiqildi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish bilan bog`liq masalalarni hal etishning asosiy prinsip va yondashuvlari muhokama etildi. 

Tomonlar muhokama qilingan va boshqa masalalarni hal etish yo`llarini belgilab oldi. 

O`zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o`rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo`yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi majlisini 2017 yil Toshkent shahrida o`tkazishga kelishib olindi.



Aloqador xabarlar