Tennis: O‘zbekiston-Turkiya “Devis kubogi” doirasida bahslashadi

Turkiya terma jamoasining iste’dodli sportchilari Altug Gelekbilek, Sem Ilkel, Ergi Kirkin, Yanki Ferel va Marsel Ilxan Toshkent shahridagi tennis kortlarida o'zbek sportchilarga qarshi kurashadi.

1790041
Tennis: O‘zbekiston-Turkiya “Devis kubogi” doirasida bahslashadi

 

Ma’lumki, joriy yilning 4-5 mart kunlari Toshkentda “Devis kubogi” saralashining ilk bosqichida O‘zbekiston va Turkiya jamoalari o‘rtasida musobaqa o‘tkaziladi.

Jamoalar mazkur o‘yin oldidan mamlakatlari sharafini himoya qiladigan tennischilar tarkibini e’lon qilgan edi. 
Unga ko‘ra, nufuzli musobaqada O‘zbekiston sharafini Denis Istomin, Humoyun Sultonov, Sanjar Fayziyev, Sergey Fomin va Maksim Shin himoya qilishi tasdiqlangan bo‘lsa, Turkiya terma jamoasining iste’dodli sportchilari Altug Gelekbilek, Sem Ilkel, Ergi Kirkin, Yanki Ferel va Marsel Ilxan Toshkent kortlarida o'zbek sportchilarga qarshi harakat qilishi belgilangan edi. 
3 mart kuni Toshkentda mazkur saralash turniri oldidan qur’a tashlash marosimi tashkil etildi. Unda O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova hamda Turkiya tennis federatsiyasi prezidenti Chingiz Durmus yetakchiligidagi har ikki davlat tennis federatsiyasi mutasaddilari ishtirok etishdi. 
Qur’a natijalariga ko‘ra, 4 mart kuni boshlanadigan 1-tur o‘yinlari o'zbek tennischi Sanjar Fayziyev hamda Sem Ilkel o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlanadi. Undan keyin Sergey Fomin va turkiyalik Altug Gelekbilek o‘rtasidagi o‘yin bilan davom etadi. 

– Mamlakatimizda tennis sport turi endi-endi rivojlanib kelmoqda. “Devis kubogi” tizimidagi mazkur o‘yinni har ikki qardosh va jondosh xalqlarning do‘stlik musobaqasi, deb bilaman. bugungi kunda Turkiyada 76 mingga yaqin kishi tennis bilan shug‘ullanadi. Bir qator shaharlarimizda tennis kortlari bunyod etilgan. Shu o‘rinda, biz Turkiya sport delegatsiyasiga barcha shart-sharoitlarni yaratib berganligi uchun O‘zbekiston tomoniga chuqur minnatdorlik bildirmoqchiman. Sportning qaysidir turida biz, qaysidir yo‘nalishida O‘zbekiston yetakchi. Lekin, tennis borasida ota yurtimiz O‘zbekistonning yutuq va natijalari e’tiborli, – deydi Turkiya tennis federatsiyasi prezidenti Chingiz Durmus. 

Xuddi shuningdek, O‘zbekiston tennis federatsiyasi bosh kotibi Iroda To‘laganova, “Devis kubogi” bosqichida har ikki mamlakat vakillarining ro‘baro‘ kelishi tarixiy ahamiyat kasb etishini ta’kidlab, o'zbek tennischilarning nufuzli musobaqa finalidagi sa’y-harakatlari Toshkent bosqichidagina emas, balki keyingi dovonlarda ham omadli kechishiga e’tibor qaratilganligini bildirib o‘tdi.  
Aytish joiz, “Devis kubogi”ning final yo‘lidagi saralash bosqichlarida ikki guruhga bo‘lingan tarzda 24 ta jamoa ishtirok etmoqda. Ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tgan jamoalar finaldagi kurashni davom ettirishadi. 
Eslatib o‘tamiz, O'zbekiston poytaxti Toshkentda “Devis kubogi” o‘yinlari 4-5 mart kunlari bo‘lib o‘tadi.  


Tanlangan kalimalar: #Denis kubogi , #Turkiya , #O'zbekiston

Aloqador xabarlar