Matbuot sharhlari 07.02.2023

Turkiya gazetalaridan sharhlar...

1943047
Matbuot sharhlari 07.02.2023

 

Hurriyat gazetasi: “Erdo’g’an: bugun birdamlik kunidir” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiya Prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Kahramanmarashda sodir bo’lgan 7,7 magnitudali zilzila 1939 yilda yuz bergan Erzinjan zilzilasidan keyingi eng katta falokat ekanini aytdi.

“Umid qilamanki, ushbu halokatli kunlarni mamlakat va millat sifatida bir yoqadan bosh chiqarib, birdamlik va hamjihatlikda ortda qoldiramiz”, dedi Erdo’g’an. “Bu kun 85 million turk xalqi bir tanu bir jon bo’lgan kundir”, dedi Turkiya rahbari.

 

Xabar turk gazetasi: “Turk xalqi zilziladan jabrlanganlar uchun qon topshirishga shoshildi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiya janubi-sharqidagi Kahramanmarash viloyatida sodir bo'lgan 7,7 magnitudali zilziladan so'ng, Turk Qizil yarim oy jamiyati rahbari Kerem Kinik butun Turkiya xalqini yaradorlar uchun qon topshirishga chaqirdi. Turkiyaning turli shaharlaridan kelgan fuqarolar zilzila zonalariga yetkazib berish maqsadida qon topshirish uchun safarbar qilindi.

 

Sabah gazetasi: “Turkiya bir jonu bir tan bo’ldi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Kahramanmarashda sodir bo'lgan daxshatli zilzila 10ta viloyatni yer bilan yakson qildi. Zilziladan keyin Turkiya bir yoqadan bosh chiqardi. Jabrlanganlar uchun yordam kampaniyasi tashkil etildi. Viloyatga respublikaning barcha hududlaridan qutqaruv guruhlari yetib keldi. Qidiruv-qutqaruv guruhlari vayronalar ostidagi fuqarolarni qutqarish uchun bor kuchini safarbar qildi. Ko'plab shaharlardan yig'ilgan chodirlar, ko'rpa-to'shaklar, tayyor oziq-ovqat va oshxona anjomlari yuk mashinalari orqali zilzila qurbonlariga yetkazilmoqda.

 

Vatan gazetasi: “Dunyodan Turkiyaga hamdardlik va yordam takliflari kelmoqda” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, xalqaro ommaviy axborot vositalari Turkiya janubi-sharqida sodir bo’lgan daxshatli zilzila haqida xabar bermoqda. Veb-saytlar voqealarni jonli berib bormoqda. Zilzila munosabati bilan butun dunyodan hamdardlik maktublari kelmoqda va yordam takliflari bildirilmoqda. Ko'plab davlat rahbarlari Turkiya prezidentiga qo’ng’iroq qilib, ushbu qiyin kunida yonida ekanini bildirmoqda.

 

Star gazetasi: “Fahrettin Altundan Ilon Maskka dezinformatsion ogohlantirish” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiya prezidenti huzuridagi axborot va kommunikatsiya departamenti rahbari Fahrettin Altun Ilon Maskni zilzila haqidagi noto'g'ri ma'lumotlar va dezinformatsiyaga e'tibor qaratish kerakligini aytdi.

"Bunday favqulodda vaziyatda Twitter uchun platformadagi dezinformatsiya va noto'g'ri ma'lumotlarga alohida e'tibor berish juda muhim. Bu insonlar hayotiga zomin bo’lishiga olib kelishi va harakatlarimizni sekinlashtirishi mumkin. Twitter’dan mas’uliyatli munosabat kutamiz”,-deb yozdi Fahrettin Altun o’zining Twitter’dagi sahifasida.

 


Tanlangan kalimalar: #gazeta , #matbuot , #Turkiya

Aloqador xabarlar