Matbuot sharhlari 25.11.2020

Turkiya gazetalaridan sharhlar...

1534018
Matbuot sharhlari 25.11.2020

 

Hurriyat gazetasi: “Erdo’g’an Putin bilan Tog’li Qorabog’dagi vaziyatni muhokama qildi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, Turkiya prezidenti Rajap Tayyip Erdo’g’an Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Suhbat chog’ida Turkiya bilan Rossiya o’rtasidagi savdo hajmini oshirish, Tog’li Qorabog’dagi vaziyat, Suriya va Liviyadagi o’zgarishlar muhokama qilindi.

 

Yeni shafak gazetasi: “Turkiya dengizda qaroqchilikka keskin chora ko’radi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho’g’li sharqiy O’rta yer dengizida xalqaro huquqqa hilof ravishda turk savdo kemasi to’xtatilib, tintuv o’tkazilishiga e’tiroz bildirdi.

“Savdo kemalariga qaroqchidek bosqin uyushtirish xalqaro huquqni toptash demakdir. Bunga keskin javob choralarini qo’llaymiz. Ushbu mavzuni huquqiy va siyosiy jihatdan kuzatib boramiz. Kerakli chora ko’riladi. Janob prezidentimizning buyrug’i shunday”,-deb aytgan Turkiya TIV rahbari.

 

Vatan gazetasi: “Ozarbayjon qo’shini 27 yillik ishg’oldan so’ng Kalbajarga kirdi” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarda yozilishicha, Ozarbayjon qo’shini 27 yillik dushman ishg’oliga chek qo’yib, Kalbajar tumaniga kirdi. Ozarbayjon mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, Armanistonga berilgan muxlat kecha to’lganligi sababli Ozarbayjon qo’shini Kalbajar tumaniga kirib bordi. Harbiylar tog‘li yo‘llarni to’g’rilash va hududni minalardan tozalash ishlarini olib boradi.      

 

Xabar turk gazetasi: “Ozarbayjon harbiylaridan dunyoga ibratli saboq” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, Ozarbayjon harbiylari ishg’ol qilingan hududlarga noqonuniy ravishda joylashtirilgan armanlarning ko’chishiga yordam bermoqda. Ozarbayjon qo’shini qo’mondoni arman aholi vakillari bilan uchrashib, “Agar xohlasangiz, Ozarbayjon fuqaroligini olib, shu yerda yashashingiz mumkin. Xohlasangiz ketishingiz ham mumkin. Hech kim sizlarga yomon muomala qilmaydi. Bundan avval ham sizlarga yordam berganmiz. Hurmat bilan sizlarni kuzatib qo’ygandik”,-deya ta’kidlagan va buning video tasvirlari internet tarmoqlarida keng tarqaldi. Ozarbayjonlik qo’mondon ushbu oliyjanobligi bilan butun dunyoga ibrat bo’ldi.

 

Star gazetasi: “AQShda turk delegat” sarlavhasi bilan xabar berdi.

Xabarga ko’ra, AQShda yangi prezidentni belgilaydigan 538 delegat orasida turk millatiga mansub vakil ham bor. Turkiya-AQSh munosabatlariga nazar tashlagan turk delegat Derya Tashkin: “Joe Bidenning prezidentlik davrida Turkiya-AQSh munosabatlarida muammo bo’lmaydi deb o’ylayman. Chunki, ikki davlat NATOga a’zo ittifoqdosh davlatlar bo’lib hisoblanadi. Turkiya kuchli davlat. NATOga a’zo. Lavozimga kim kelishidan qat’iy nazar, buni nazardan chetda qoldira olmaydi”,-dedi.


Tanlangan kalimalar: #matbuot , #gazeta , #Turkiya

Aloqador xabarlar