Fethiye - zamonaviy turizm va qadimiy tamaddunlar siri

Turkiyaning turizm shahararidan biri bo‘lgan Fethiye shahri Egey dengizi sohilida joylashgan.

2148609
Fethiye - zamonaviy turizm va qadimiy tamaddunlar siri

 

Turkiyaning turizm shahararidan biri bo‘lgan Fethiye shahri Egey dengizi sohilida joylashgan. Ammo O‘rta yer dengizi ham bu yerga juda yaqin. Bu joylar ikki dengiz chorrahasi deb ataladi va qulay iqlimi va rivojlangan infratuzilmasi o‘nlab mamlakatlardan mehmonlarni jalb qiladi.

Shahar juda qadimiy. Ushbu manzillarda aholinig muqim yashaganligi haqida miloddan avvalgi V asrga oid faktlar mavjud. Shahar dastlab Telmess yoki Telmessos deb atalgan va Likiya davlatining eng katta va muhim aholi punktlaridan biri bo‘lgan. Likiyaliklar va ularning jasurliklari haqida esa hatto Gomer o‘z «Iliada»sida yozgan: ular Troyani yunonlar qamalidan himoya qilishga yordam berishgan.

Bugungi kunda ham «Likiya» nomi saqlanib qolgan. Ya’ni Turkiyadagi birinchi uzoq masofali piyoda yurish yo‘lagi hisoblangan va xushmanzara tabiatni o‘z ichiga olgan Likiya yo‘li Fethiyedan Antaliyagacha cho‘zilgan 500 kilometrlik yo‘lni qamrab oladi. Har yili dunyoning turli burchaklaridan minglab sayyohlarni jalb qiladigan Likiya yo‘li 20 dan ortiq qadimiy aholi punktlari va shaharlarni o‘z ichiga olgan taxminan 30 kunlik marshrut bilan diqqatni tortadi.

Qadimiy shahar o‘zining zamonaviy nomini 1914-yilda birinchi turk uchuvchilaridan biri Fethi Bey sharafiga olgan. U Istanbuldan Qohiraga uchayotgan vaqtda vafot etgan. Bu Turkiya aviatsiyasi tarixidagi birinchi uzoq masofali parvoz bo‘lishi kerak edi.

Fethiyega qanday borish mumkin

Samolyotda sayohat uyushtiradiganlar Fethiyening o‘zida aeroport yo‘qligi sabab qo‘shni Dalaman shahriga uchishlari mumkin. U Fethiyedan taxminan 50 km uzoqlikda joylashgan.

Qadimiy shaharga avtobusda borish esa biroz noqulay, ammo juda arzon variant. Istanbuldan 12-15 soatli yo‘l.

Qachon borish uchun eng yaxshi vaqt?

Fethiyeda dam olish mavsumi uzoq davom etadi. Aniqrog‘i, sayohat qilish vaqti ko‘p jihatdan sayyohning qanday ob-havo sharoitini yoqtirishiga bog‘liq.

Masalan, noyabrdan martgacha doimiy kuchli yomg‘ir xavfi yuqori bo‘ladi. Aprel oyida esa havo harorati sezilarli darajada isinishni boshlaydi: o‘rtacha harorat 20 darajadan oshadi. Ammo suvlari cho‘milish uchun salqin bo‘ladi.

Dengiz iyun oyidan isishni boshlaydi – 23 daraja. Eng issiq oy avgust hisoblanib, o‘rtacha havo harorati 30 darajadan yuqori bo‘ladi.

Kuz oylari esa shaharda havo harorati biroz tushsada, dengiz hali ham juda issiq: 27-24 daraja atrofida bo‘ladi.

Diqqatga sazovor joylari

Chalish tumani

Dam oluvchilar uchun juda qulay va ideal. Mehmonxonalar, xususiy kvartiralar va suzish havzalari bo‘lgan villalar ijaraga beriladi. Plyaj juda yaqin. Ba’zi mehmonxonalar qirg‘oqda joylashgan. Ushbu hududning yana bir afzalligi shundaki, mavsumdan tashqari sayyohlar kam bo‘ladi, ya’ni yaxshi chegirmalar bilan taklif qilinadigan mehmonxonalar va uylarning katta tanlovi mavjud.

Oludeniz qishlog‘i

Bu yerga borish qulay: markazdan 15 daqiqa masofada joylashgan.

Oludeniz plyajlari nafaqat Fethiyeda, balki dunyodagi eng chiroyli plyajlardan biri hamdir. Ko‘m-ko‘k dengiz, oq qumlar va yam-yashil daraxtlar bilan o‘ralgan bo‘lib, o‘z nomini sayozligi va turg‘unligidan oladi. Oludeniz 2006 yilda dunyoning eng go‘zal plyaji sifatida tanlangan va ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘lgan.

Fethiye oroli

Orol sayyohlar olomonisiz tinch dam olish uchun qulay. Ammo bu yerdagi mehmonxonalar boshqalariga qaraganda biroz qimmat. Orol, ayniqsa, qayiqda sayohat qilishni yaxshi ko‘radiganlarni o‘ziga jalb qiladi.

Fethiye shahar muzeyi

Muzey 1957 yildagi dahshatli zilziladan so‘ng shaharda olib borilgan qayta tiklash jarayonida topilgan antik va o‘rta asrlarga tegishli artefaktlar bilan boyitilgan. Dastlab, eksponatlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ochiq havoda namoyish etildi. 1987 yilda muzey binosi qurildi, u yerda ushbu qadimiy joylar tarixiga bag‘ishlangan to‘liq ko‘rgazma ochildi.

Muzey tashrif buyuruvchilar uchun bepul.

Parklar

Ulardan biri – eng kattasi Fethi Bey parkidir. Park 2018 yilda ochilgan. U qirg‘oqda joylashgan bo‘lib, dengiz yoqalab sayr qilish va go‘zal manzaralardan bahramand bo‘lish mumkin.

Ugur Mumju bog‘i ham mashhur parklardan biridir. Bu vaqtni faol o‘tkazishni xohlaydiganlarga ko‘proq yoqadi. Bu erda daraxtlar unchalik ko‘p emas, lekin hamma joyda gorizontal barlar va ochiq sport anjomlari bilan jihozlangan sport maydonchalari mavjud.

Likiya qabrlari

Qadimgi Likiya davlatidan qolgan muhim arxeologik yodgorliklardan biri bu Likiya qabrlaridir. Ular nafaqat Fethiyeda, balki butun qirg‘oq bo‘ylab – Marmarisdan deyarli Antaliyagacha joylashgan. Biroq, eng nafis ishlangan qabrtolarni shu yerda uchratish mumkin.
 

Oludeniz-Kidrak tabiat bog‘i

Fethiyedan atigi 10 km uzoqlikda joylashgan kichik kurort qishloqcha nomi bilan atalgan. Bu dengiz, tog‘lar va o‘rmonlarning uchrashadigan joyi.

Toqqa kanat yo‘li orqali chiqiladi. Agar ko‘ngil yanayam teparoqni istasa, yana bir osma yo‘l bor. Bu sayyohni dengiz sathidan 1800 metrgacha bo‘lgan balandlikka olib chiqadi. U yerda esa atrofning ajoyib manzarasini kuzatish uchun maydoncha bor.
 

Ekstremal sport ishqibozlari undan ham balandroq (1969 metr) – Babadag‘ cho‘qqisiga ko‘tarilishlari mumkin. Cho‘qqida havo harorati, hatto yozda ham salqin va shamolli bo‘ladi. Bu joylar paraplanda uchishni sevuvchilarning maskani.

Kapalaklar vodiysi

Vodiy paraplanda uchishlari bilan mashhur bo‘lib, mamlakatdagi tabiat va kemping turizmining eng muhim manzillaridan biridir. Bu maskan Babadag‘ etagida joylashgan bo‘lib, uch tomondan tog‘lar bilan yopilgan. Ushbu geografik joylashuv tufayli Kapalaklar vodiysiga borish oson emas.

Vodiy kapalaklarning ko‘pligi tufayli shu nomni olgan. Olimlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bu yerda kapalaklarning yuzdan ortiq turi uchraydi..

Kabak ko‘rfazi

Moviy dengiz va yam-yashil o‘rmon o‘rtasida joylashgan Kabak ko‘rfazi Fethiye ko‘rfazlari orasida eng mashhuri bo‘lishiga qaramay 1980 yillarga qadar sayohat qilinmagan hududdir. Likiya yo‘lida joylashgan bu ko‘rfazga tik yonbag‘irlardan piyoda, shaxsiy transport va qayiqlarda borish mumkin. Aladere sharsharasi ham aynan shu ko‘rfazda joylashgan.

Saklikent darasi

Saklikent darasi18 kilometr uzunlikka uzangan, ayrim joylari 300 metr chuqurlikkacha bo‘lgan jarliklar, suv yo‘llari va kanonlardan iborat.

Go‘chek

Go‘jek hozirda yaxta turizmida brendga aylangan. Bu joy tabiiy manzarasi va tiniq dengizi bilan sayyohlar e’tiborini toradi.

12 orol

Fethiye portidan har kuni 12 orol sayohati tashkil qilinadi. Mazkur orollarda Fethiyening eng go‘zal va hushmanzara joylarini tomosha qilish mumkin.

Masalan, Hamam ko‘rfazida dengizga tushish va suv osti dunyosini tomosha qilish mumkin.


Tanlangan kalimalar: #Fethiye , #Turkiya

Aloqador xabarlar