O‘zbekiston xalq shoiri Turkiyada Niyoziy Misriy nomidagi mukofot bilan taqdirlandi

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan Turkchaning Xalqaro she’r bayramida mashhur so‘fiy shoir, naqshbandiya tariqatining taniqli namoyandasi Niyoziy Misriy nomidagi mukofot bilan taqdirlandi.

1903849
O‘zbekiston xalq shoiri Turkiyada Niyoziy Misriy nomidagi mukofot bilan taqdirlandi

 

O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron Turkiyaning Bursa shahrida bo‘lib o‘tgan Turkchaning Xalqaro she’r bayramida mashhur so‘fiy shoir, naqshbandiya tariqatining taniqli namoyandasi Niyoziy Misriy nomidagi mukofot bilan taqdirlandi.

Bu haqda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi axborot xizmati xabar qilmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Xurshid Davronning ilk she’rlari 1976—1977 yillardan boshlab “Sharq tongi” tuman gazetasi, keyinroq  viloyat gazetasida bosilgan. Katta adabiyotga kirib kelishi 1976 yili “Guliston” jurnalida ustoz shoir Erkin Vohidovning oq yo‘li bilan boshlangan.  

Dastlabki she’rlar to‘plami – “Qadrdon quyosh” (1979), “Shahardagi olma daraxti” (1979). Keyinchalik “Tungi bog‘lar” (1981), “Uchib boraman qushlar bilan” (1983), “To‘marisning ko‘zlari” (1984), “Bolalikning ovozi” (1986), “Qaqnus” (1987) va “Bahordan bir kun oldin” (1997) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan.  

Xurshid Davron 90-yillarda she’riyatdan ko‘ra nasriy janrlarda samarali ijod qildi. U o‘tmishda yashagan unutilmas tarixiy siymolar hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ular haqidagi mo‘’tabar qo‘lyozma manbalar bilan tanishdi. Bu qiziqish natijasida “Bibixonim qissasi yoki tugamagan doston” (1990), “Samarqand xayoli” (1989), “Sohibqiron nabirasi” (1995), “Shahidlar shohi yoki Shayx Kubro tushlari” (1998) kabi tarixiy-ma’rifiy qissa va “Alg‘ul” (1995), “Sog‘inch” (1996) pesalarini yaratdi. Xurshid Davron bu asarlari bilan 90-yillarda O‘zbekistonda tarixiy o‘tmishga bo‘lgan munosabatning yana ham qizg‘in tus olishiga munosib hissa qo‘shdi.  

Ijodkor Samarqandda bo‘lib o‘tgan Amir Temurning 660 yilligi, Ulug‘bekning 600 yilligiga, Parijda YUNESKO qarorgohida, “Odeon” teatrida namoyish etilgan Buxoro va Xivaning 2500 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va 21 qismli “Temurnoma”, 2 qismli “Buxoroyi Sharif” videofilmlarining ssenariylari muallifidir.  

Ustoz shoir Sharq va G‘arb shoirlarining asarlaridan iborat “Qirq bir oshiq daftari”(1989) va yapon shoirlarining she’rlaridan tarkib topgan “Dengiz yaproqlari” (1988) to‘plamlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.  


Tanlangan kalimalar: #O'zbekiston , #Turkiya , #Xurshid Davron

Aloqador xabarlar