Turkiya madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoy o‘zbek ayolining farzandimi?

Mehmet Akif Ersoyning onasi Omina Jamila xonim ma’lum sabablarga ko‘ra, Turkiyaga borib qolgan minglab buxoroliklardan biri – Mahmud ismli o'zbekning qizi edi.

1837421
Turkiya madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoy o‘zbek ayolining farzandimi?

 

Turkiya Respublikasi davlat madhiyasi muallifi Mehmet Akif Ersoyning onasi o‘zbekligini hali ko‘pchilik bilmasa kerak.

Turkiya tarixida katta iz qoldirgan bu shaxs nafaqat Istiqlol marshini yozgan, shu bilan birga, Turkiya mustaqilligi uchun xalqni g‘arbliklarga qarshi urushga ruhlantirgan edi.

 

Umuman, bugungi Turkiyaning ilmiy, madaniy taraqqiyotida o‘zbek muhojirlarining, ayniqsa Turkiyada o‘troqlashgan buxoroliklarning hissasi katta. Mehmet Akifning onasi Omina Jamila xonim ham ma’lum sabablarga ko‘ra, Turkiyaga borib qolgan minglab buxoroliklardan biri – Mahmud ismli o'zbekning qizi edi.

Omina Jamila xonim bugungi Turkiya tarixida eng sharafli shaxslardan biri sanaladigan Mehmet Akif Ersoyni 1873 yil 20 dekabrda Istanbulda dunyoga keltirgan. 

Asrlar mobaynida Turkiyada muhojir o‘zbeklar qo‘nim topadigan, Tekke nomi bilan yuritiladigan maskanlar mavjud edi. Ana shunday o‘zbek Tekkelarida bir vaqtlar Turkiya xalq shoiri Mehmet Akif Ersoy ham inglizlardan yashirinib, dushmanlardan panoh topgandi. Shuningdek, u ilk ta’limni ham Fotih dahasidagi “Amir Buxoriy" maktabida olgan.

 

VATAN SHOIRINING BOLALIGI

Bo‘lajak shoirning otasi Usmonli davlatiga bog‘liq Albanlardan edi. U farzandini o‘sha davr odatiga ko‘ra, 4 yoshdan ta’limga yo‘naltirgandi. Maktabda til darslariga juda qiziquvchi Mehmet o‘rta maktabdayoq turk, arab, fors va fransuz tillarini o‘zlashtiradi.

So‘ng u o‘z zamonining mashhur maktablaridan biri "Mulkiye"ga o‘qishga kirdi. 1888 yilda otasidan ayrilib, ko‘p o‘tmay, ular yashab turgan uy yonib ketdi. Boshpanasiz qolgan oila shu tarzda qashshoqlikka yuz tutdi. Otasi vafot etgach, Mehmet onasi tarbiyasida ulg‘aydi va ishga joylashib, "Mulkiye" o‘rta maktabini tark yetishga majbur bo‘ldi. O‘sha yillarda u yangi ochilgan Qishloq xo‘jaligi va veterinariya bilim yurtiga o‘qishga kirdi...

Mehmet Akif o‘qishni tamomlagach, 6 oyda Qur’oni karimni yod olib, hofiz bo‘ldi. 1893-1894 yillarda "Xazina-i Fünun" jurnalida uning bir g‘azali chop etildi. 1895 yilda "Mektep" jurnalida esa "Qur’onga xitob" she’ri chiqdi. Shu tariqa uning davlat xizmatchisi sifatidagi faoliyati boshlandi.

Mehmet Akif Ersoy nafaqat otashin shoir, balki kuchli notiq, siyosatchi va jurnalist edi. Usmoniylar imperiyasining inqirozi vaqtida Ersoy istiqlolning haqiqiy himoyachisiga aylangandi. Uning Anadolu masjidlarida so‘zlagan nutqlari shu qadar mashhur bo‘lib ketdiki, bu ma’ruzalar o‘sha paytda qo‘llanma tarzida chop etilib, turk askarlariga tarqatilgandi. Uning 1920 yil noyabr oyida Kastamonu shahridagi "Nasrulloh" masjidida xalqni dushmanga qarshilik ko‘rsatish uchun da’vat qilgan otashin nutqi Diyorbakirda qo‘llanma sifatida bosilib, barcha viloyat va frontlarga tarqatilgan.

 

SIYOSAT VA TA’LIM

Mehmetning siyosat va ta’limdagi faoliyati ham o‘ziga xos edi. U turli yillarda turli dorulfununlarda dars berdi. Shoirning ta’limdagi faoliyatiga Turkiyaning bugungi Prezidenti Rajap Tayyip Erdo‘g‘an quyidagicha ta’rif beradi: "U dorilfunun professori sifatida adabiyot fakultetida dars bergan. Arab, fors va fransuz tillarini mukammal bilgan bu zot islom ilmlarini puxta o‘zlashtirgan olim ham edi. U "Siroti mustaqim" jurnalida e’lon qilgan maqolalari orqali xalqqa ma’rifat nurini yoydi. Aytishlaricha, Anadolu bo‘ylab safar qilgan kezlari hamyonida bor-yo‘g‘i 36 kurush qolgan ekan. U ana shunday turfa sinovlarda toblangan chinakam inson edi".

Mehmet Akif Ersoy 1921 yili Anqaradagi Tacyeddin lojasiga joylashib, parlamentdagi vazifasini Burdur deputati sifatida davom ettirdi.  Ikkinchi Konstitutsiyaviy monarxiya e’lon qilinganida, u Umur-i Baytariye bo‘limi direktorining yordamchisi edi. E’londan 10 kun o‘tgach, uning do‘sti, rasadxona mudiri Fotin xo‘ja Mehmetni Ittifoq va taraqqiyot qo‘mitasiga a’zo qilgan. Ammo a’zolikka kirishda qabul qilinadigan qasamyoddagi "Jamiyatning barcha buyruqlariga shaksiz bo‘ysunaman" jumlasidagi "shaksiz" so‘ziga Mehmet Akif e’tiroz bildiradi va mazkur jumlani "faqat yaxshi va haq" iborasiga o‘zgartirdi.

TURKIYA MADHIYASINING TARIXI

bugungi Turkiya madhiyasining paydo bo‘lishi tarixi noan’anaviy kechgan edi. 1921 yili Turkiya Milliy Ta’lim vazirligi madhiya matni bo‘yicha shoirlar o‘rtasida tanlov e’lon qiladi. G‘olibga katta pul mukofoti va’da qilinadi. Mehmet Akif Ersoy tanlovda pul mukofoti borligi uchun qatnashishni istamaydi, lekin o‘shanda Mehmet Milliy Ta’lim Vaziri bilan yozishgan xatida g‘olib chiqqan taqdirda ham pul mukofotini olmaslik shartini ma’lum qilib, tanlovda qatnashishga qaror qiladi.

Mazkur saralashda jami 724 nafar qalamkash ishtirok etgan. Nihoyat, 1921 yil 12 martda parlamentda o‘qilgan Mehmet Akifning ijod namunasi deputatlar tomonidan ko‘tarilgan qarsaklar bilan turk millatining Davlat madhiyasi sifatida bir ovozdan qabul qilindi. Mehmet Akif Ersoyning "Qo‘rqma" deb boshlangan she’ri turk millatiga istiqlol muhabbatini, xalqning vatani uchun qiladigan fidoyiliklarini, ozodligi yo‘lida shahidlik marshini bayon qiladi.

Ayni shu davrda Turkiya tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgandi. Bir necha asr davomida dunyoning qudratli davlati sanalgan zaminga ajnabiy mustabidlar qadami yetib, mamlakat parchalanish xavfi ostida qolgandi. Turk vatanparvarlari esa milliy ozodlik harakati olib borardi. Ana shunday murakkab va tahlikali davrda yaratilgan Istiqlol marshi xalqning g‘ururini sinishdan asradi, millatni yagona bayroq ostida birlashtirishga xizmat qildi. She’r g‘olib deb topilgach, millatparvar shoir "Alloh bu millatga ikkinchi bor Istiqlol madhiyasini yozishni ravo ko‘rmasin!" deya mamlakat ozodligi abadiy bo‘lishini tilagandi.

Davlat madhiyasining muallifi bo‘lgani uchun Mehmet Akif Ersoyni turklar "Millat shoiri", "Vatan shoiri" deb e’tirof etadi.

"Millat sifatida Istiqlol marshi kabi she’r sohibi bo‘lganimiz uchun har qancha g‘ururlansak, har qancha shukr etsak oz", degan edi Prezident Erdo‘g‘an mazkur madhiya haqida. Mehmet Akif Ersoy bugun ham Turkiyada ijodi keng tadqiq etilayotgan, ziyolilar tomonidan doimiy tilga olinadigan shoirlar sirasiga kiradi. 

Shubhasiz, shunday o‘g‘ilni voyaga yetkazgan o‘zbek ayoli, buxorolik Omina Jamila xonim bilan ham o‘zbekistonliklar har qancha faxr etsa, arziydi.



Aloqador xabarlar