Bakuda “Alisher Navoiy asarlari” kitobi nashr etildi

Ozarbayjon xalqaro turk madaniyati va merosi jamg‘armasi tashabbusi bilan Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadbir hamda “Alisher Navoiy asarlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

1833809
Bakuda “Alisher Navoiy asarlari” kitobi nashr etildi

 

Ozarbayjon xalqaro turk madaniyati va merosi jamg‘armasi - “IFTKH” tashabbusi bilan she’riyat mulki sultoni Alisher Navoiy ijodiga bag‘ishlangan tadbir hamda jamg‘arma homiyligida nashr etilgan “Alisher Navoiy asarlari” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Bu haqda “Trend” axborot agentligi muxbiri Vugar Imanov xabar qilmoqda.

Ozarbayjon va O‘zbekiston deputatlari, diplomatlar, xalqaro tashkilot vakillari, ijodkor ziyolilar ishtirok etgan tadbirda jamg‘arma rahbari Gunay Efendiyeva O‘zbekiston qadimiy madaniyati, tarixi, jahon ilm-fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk shaxslari, me’moriy obidalari bilan turkiy dunyoda alohida o‘rin tutishini e’tirof etdi. 

- Bu kitobda Alisher Navoiy g‘azallari bilan bir qatorda o‘zbek o‘rta asr san’ati namunalari - miniatyuralar ham aksini topgan, - dedi Gunay Efendiyeva kitobni ozarbayjon tiliga moslashtirgan filologiya fanlari doktori Ramiz Askerning mehnatini yuqori baholarkan.

O‘zbekistonning Ozarbayjondagi Favqulodda va muxtor elchisi Bahrom Ashrafxonov ushbu tadbir qardosh davlat – O‘zbekiston va Ozarbayjon hamkorligi jadal rivojlanayotganidan dalolat ekanini ta’kidladi. “Bu yerda aytilgan samimiy so‘zlar so‘nggi yillarda mamlakatlarimiz rahbarlari sa’y-harakati natijasida ikki tomonlama munosabatda erishilgan yuksak ishonch, do‘stlik va o‘zaro anglashuvning yorqin ifodasidir”, - dedi u.

O‘z navbatida ozarbayjonlik deputatlar, ijodkorlar ham Hazrat Navoiyning jahon adabiyoti xazinasiga qo‘shgan beqiyos hissasi haqida, o‘zaro madaniy hamkorligimiz samarasi xususida to‘lqinlanib gapirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari Oydin Abdullayeva va Xurshid Do‘stmuhammedov Alisher Navoiy butun umrini turkiy tilni rivojlantirishga bag‘ishlagani, bu borada katta muvaffaqiyatga erishganini qayd etdi. 

Umuman, Navoiyning bebaho ijodiy va ilmiy merosi nafaqat o‘zbek xalqining milliy madaniyati rivojida, balki jahon adabiyoti tarixi, butun insoniyat adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotida yuksak o‘rin tutadi. Buyuk adibimiz asarlari bugungi kunda ozarbayjon, fors, italyan, nemis, fransuz, hind, turk, ingliz, rus, turkman va boshqa o‘nlab tillarga tarjima qilinib, nashr etilgan. Qolaversa, ikki qardosh – o‘zbek va ozarbayjon xalqi Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi, Nizomiy Ganjaviy, Ulug‘bek, Nasriddin Tusiy, Fuzuliy kabi buyuk tarixiy shaxslar timsolida chambarchas bog‘langan.

Filologiya fanlari doktori Ramiz Asker nashr ustida olib borilgan ishlar haqida gapirarkan, O‘zbekiston ko‘p ming yillik tarix va madaniyatga ega ekaniga to‘xtaldi. Bu muallif Navoiy ijodini targ‘ib qilish yo‘lidagi faoliyati uchun Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.


Tanlangan kalimalar: #Baku , #Alisher Navoiy

Aloqador xabarlar