Turk olimning “Boburshoh va Hindiston” nomli maqolasi chop etildi

Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan Turkiyaning nufuzli  “Hurriyat” nashrida  turk olimi, professor Ilber O‘rtayli qalamiga mansub “Boburshoh va Hindiston” sarlavhali maqola bosildi.

1778807
Turk olimning “Boburshoh va Hindiston” nomli maqolasi chop etildi

 

Buyuk shoir, mutafakkir va davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun munosabati bilan Turkiyaning nufuzli  “Hurriyat” nashrida  turk olimi, professor Ilber O‘rtayli qalamiga mansub “Boburshoh va Hindiston” sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Muallif buyuk davlat arbobi Zahiriddin Muhammad Boburni “Yavuz Sulton Salim, Shoh Ismoil, Genrix VIII va Karl  V kabi hukmdorlar singari o‘z  davrida Sharqda porlagan yulduz edi”, - deya ta’riflaydi. Uning davlatida Dehli va Agra kabi shaharlar xuddi Isfahon, Tabriz va Istanbul kabi gullab-yashnaganini alohida ta’kidlaydi.

Maqolada Bobur “Devon”i Hindistondagi turkiy adabiyotda muhim nazm manbalaridan biri bo‘lishi barobarida uning xotiralari joy olgan “Boburnoma”ning ham o‘rni katta ekaniga e’tibor qaratilgan.  Mazkur asar Istanbul universiteti professori Reshit Rahmeti Arat tomonidan 1943-1946 yillarda “Vaqo’eyi Bobur” nomi ostida tarjima va izohlar bilan ikki jildda nashr etilgan.

Ilber O‘rtaylining fikricha, usmoniy sultonlaridan Boyazid II turkiy tilning chig‘atoy lahjasi va adabiyotini yaxshi bilgan va bu holat ko‘p jihatdan Bobur davrida va undan keyin shakllangan adabiy muhitning ta’siri edi. 

"Boburnoma"ning tarjimonlari, xususan, Uilyam Beverij va Fernand Grenard kabi yozuvchilarning ushbu asar haqidagi madhlariga e’tibor qaratgan turk olimi ularning “O‘z hayotini, avtoportretini bunchalik mahorat bilan qalamga olgan yozuvchi kamdan-kam topiladi”, degan so‘zlaridan iqtibos keltiradi.

Maqolada ma’lum qilinishicha, Turkiyada boburshunoslik izlanishlariga Mustafo Kamol Otaturk davrida katta e’tibor qaratilgan. Otaturkning tashabbusi bilan Anqaradagi Til, tarix va geografiya fakulteti tarkibida Indologiya kafedrasining ta’sis etilishiga asosiy sabablardan biri ham Bobur va Boburiylar davlatini chuqur tadqiq etish bo‘lgan. Mazkur kafedraning urdu tilini o‘rganish bo‘yicha chuqur tadqiqotlari mavjud. Ilber O‘rtayli Boburshunoslikka ko‘proq e’tibor qaratishga chorlagan.

“Bobur dafrini yangidan baholash uchun mazkur barcha tarixiy materiallarni o‘rganishimiz kerak”, - deydi olim.

1530 yil dekabr oyining so‘nggi haftasida jahon tarixi va adabiyotining mashhur namoyandalaridan biri Zahiriddin Muhammad Boburshoh Agra shahrida vafot etdi, deb yozadi Ilber O‘rtayli.

"Boburning qabri bir muddat Agrada muhofaza etilgach, bir necha yildan so‘ng uning hoki Afg‘onistonning Qobul shahriga ko‘chirildi. Shoh avlodlaridan bo‘lgan Shohjahon 1646 yilda Boburshoh uchun “Bobur bog‘lari” deb atalgan manzilda muhtasham maqbara qurdirgan. “U buyuk hukmdordir. U - Osiyoning yulduzi. U o‘zi olib borgan harbiy yurishlar jihatidan marshal unvoniga sazovor qo‘mondondir”, - deb xulosa qiladi turk olimi.



Aloqador xabarlar