Abu Ali Ibn Sino tavallud topganiga 1040 yil to'ldi

Shu qutlug' sana munosabati bilan “Abu Ali Ibn Sino – O'zbekiston faxri va jahon mulki” mavzusida xalqaro ilmiy-ma'rifiy onlayn anjuman bo'lib o'tdi.

1478246
Abu Ali Ibn Sino tavallud topganiga 1040 yil to'ldi

 

Ilm-fanning 29 sohasi rivojiga munosib hissa qo'shgan alloma...

Ulug' alloma va mutafakkir, tabobat ilmi sultoni, faylasuf, matematik, ruhshunos olim, musiqachi, benazir shoir sifatida ilm-fanning 29 sohasi rivojiga munosib hissa qo'shgan Abu Ali Ibn Sino tavallud topganiga 1040 yil to'ldi.

Shu qutlug' sana munosabati bilan “Abu Ali Ibn Sino – O'zbekiston faxri va jahon mulki” mavzusida xalqaro ilmiy-ma'rifiy onlayn anjuman bo'lib o'tdi. Ibn Sino jamoat fondi tashabbusi bilan o'tkazilgan tadbirda Germaniya, Belgiya, Fransiya, Isroil, Turkiya, Hindiston va O'zbekistonning yetakchi mutaxassislari, ekspertlar, tabib, shifokorlar, farmatsevt, tarixchi olimlar, sharqshunos, faylasuf, biolog hamda kimyogarlar ishtirok etdi.

Ma'lumki, Ibn Sinoning boy ilmiy merosi insoniyatga hamon g'urur va iftixor bag'ishlab kelmoqda. Alloma Sharq va G'arb ilm-fani, ma'rifati, madaniyat taraqqiyotiga katta ta'sir ko'rsatgani bois, o'z davrida “Shayx ur-rais”, “Olimlar boshlig'i”, “Tabiblar podshohi” kabi yuksak maqomlarga sazovor bo'lgan. “Tib qonunlari” asari esa asrlar davomida tabobatning mufassal qomusi bo'lib qolmoqda.

Xalqaro anjumanda so'zga chiqqan O'zbekistonlik olimlar Abu Ali Ibn Sinoning o'z davridagi innovatsion g'oyalari, tibbiyot falsafasi, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlashdagi o'rni, stomatologiya rivojidagi hissasi, axloqiy va tarbiyaviy qarashlari haqida ma'ruzalar o'qidi. Xorijlik soha mutaxassislari esa COVID-19 profilaktikasi va uni davolashda Ibn Sino o'gitlari, Yevropada Avitsenna ruhi va ta'siri, Hindistonda Ibn Sino merosini o'rganish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma'lumotlar berdi.

Tadbirda bunday ilmiy-amaliy anjumanni muntazam o'tkazish va Ibn Sino merosini tadqiq etishda soha mutaxassislari aloqalarini yanada mustahkamlash zarurligi ta'kidlandi.



Aloqador xabarlar