“Qalqon ota” nomini olgan shayx haqida bilasizmi?
O'zbekiston istiqlolga erishgach, masjid va madrasalar, ziyoratgohlar qayta ta'mirlana boshladi. O'tgan yili saxovatpesha tadbirkorlar ko'magida “Shayx Abul Hasan Haraqoniy” jome'-masjidining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi.
O'zbekistonning Navoiy viloyati Navbahor tumani Qalqonota qishlog'ida X asrda sharqning buyuk oriflaridan biri – Abul Hasan Haraqoniy ismli valiy zot yashab o'tgan. U tarixiy shaxs, islom dini ulamosi o'z karomati bilan xalqni yovning zulmidan qaytargani uchun “Qalqon ota” nomini olgan. Keyinchalik qishloq ham shu nom bilan atalgan.
Ushbu qishloqda 1900-yilda Abul Hasan Haraqoniy sharafiga Buxoro amiri Amir Abdulahad tomonidan muhtasham masjid qurilgan. Masjid 1960-yilgacha faoliyat ko'rsatib, nurab qolgani bois shu yili hashar yo'li bilan qayta tiklangan.
O'zbekiston istiqlolga erishgach, masjid va madrasalar, ziyoratgohlar qayta ta'mirlanib, obodlik kasb eta boshladi. O'tgan yili saxovatpesha tadbirkorlar ko'magida “Shayx Abul Hasan Haraqoniy” jome'-masjidining yangi binosi qurilib, foydalanishga topshirildi. Masjid xonaqosida bir vaqtning o'zida 600 nafar namozxon ibodat qilishi uchun imkoniyat yaratildi. Zamonaviy majmua darajasida qayta tiklangan mazkur qadamjodan tahoratxonalar, favvoralar, hovuz va gulzorlar ham o'rin olgan.
Nurotaga borish yo'li ustidagi ushbu muhtasham masjidga bugungi kunda nafaqat ibodat qilish uchun, balki ziyorat uchun ham ko'plab mehmonlar, xorijlik sayyohlar tashrif buyurmoqda.