Ikkinchi jahon urushida xizmat qilgan o'zbek ayoli...

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, shifokor Muqaddam Ashrapova urushda koʻrsatgan jasoratlari uchun “Qizil Yulduz” va “Hurmat nishoni” ordenlari va boshqa qator medallar bilan mukofotlandi.

1412832
Ikkinchi jahon urushida xizmat qilgan o'zbek ayoli...

 

1941-yil, TashMIning navbatdagi bitiruvchilari oʻz bitiruv kechalariga tayyorgarlik koʻrayotgan edi, lekin 22-iyun erta saharda gitlerchilar Germaniyasi urush boshlab yuboradi. Oʻsha kuniyoq butun Oʻzbekiston boʻylab frontga safarbarlik eʼlon qilindi. Shunda bir guruh bitiruvchilar oʻz xohishlari bilan ariza berib, bitiruv kechasidan chiqib, toʻgʻri frontga joʻnadi. Ariza berganlar orasida ikki Oʻzbek qizi, ikki bitiruvchi dugona Anvara Muharramova va Muqaddam Ashrapovalar ham bor. Anvarani frontga yuborishadi, lekin Muqaddamni Tojikistonning Konibodom tumani Qaroqchiqum qishlogʻi vrachlik uchastkasiga ishga joʻnatishdi. Dugonasini havas bilan frontga joʻnatar ekan, Muqaddam ham Konibodomda ishlab, tez orada frontga borishini aytdi.

Muqaddam bir oydan keyin vrachlik uchastkasiga rahbar etib tayinlandi, soʻng Konibodom tumanining Sogʻliqni saqlash boʻlimi mudiri boʻldi. Tinib-tinchimas shifokor 1943-yilning fevralida nihoyat frontga yoʻl oldi.

U avval Shimoliy-Gʻarbiy frontning 27 armiyasi, 2203-sonli harakatdagi gospitalining vrach-ordinatori, 1943-yilning may oyidan boshlab esa Voronej frontining 117-alohida aloqa polkida, 1943-yilning Avgustidan to 1944-yil Iyunigacha 1-Ukraina frontining 155-oʻqchi diviziyasi 786-oʻqchi polkida vrach, 1944-1945-yil 4-Ukraina frontining 1-Gvardiya armiyasi 2624-sonli gospitalida ordinator, 1945-yil aprelidan esa shu frontning 340 oʻqchi diviziyasi tibbiy-sanitar batalyonida ordinator boʻlib xizmat qildi. Gʻalabani oʻz xizmat postida kutib olgan Muqaddam frontdan joʻnashga shoshilmaydi va 1945-yil iyulgacha xizmatini davom ettiradi. Nihoyat, 1945-yil iyulda Muqaddam koʻksi toʻla orden va medallar bilan Turkiston harbiy okrugining shtab sanitar boʻlimiga yuborildi.

1945-yilning sentyabridan boshlab 2 yil davomida u Oʻrta Osiyo davlat universitetining harbiy kafedrasida oʻqituvchi boʻlib ishladi. Lekin, Muqaddam Ashrapovaning butun fikri-xayoli oʻzi bitirgan tibbiyot institutiga ishga qaytish edi, nihoyat, 1947-yil Sentyabrida u oʻzi bitirgan jonajon institutiga ishga qaytadi va umrining oxirigacha shu institutda ham shifokor, ham oʻqituvchi boʻlib ishladi. Fakultet jarrohlik kafedrasining assistenti lavozimida ish boshlagan Muqaddam tez orada ilmiy izlanishlarini boshlab yuboradi.1953-yilda “Bosh miya jarohatida vujudga keladigan baʼzi biokimyoviy oʻzgarishlar” mavzuida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasiga ega boʻldi. 1956-yilning Yanvarida u Moskvadagi 2-tibbiyot institutiga doktoranturaga kiradi va yilning oxirigacha Moskvada ilmiy izlanishlar olib bordi. Doktorlik dissertatsiyasini yoqlab, tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasini olishga muvaffaq boʻldi, shu yili unga “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan shifokor” unvoni berildi va 1967-yilda esa professor unvoni beriladi. 1964-1966-yillarda umumiy jarrohlik kafedrasining dotsenti va 1966-yildan boshlab stomatologiya fakultetining umumiy jarrohlik kafedrasi mudiri va stomatologiya fakulteti dekani lavozimida ishladi. Shuningdek 1971-yilda “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” unvoni berildi.

Urushda koʻrsatgan jasoratlari uchun “Qizil Yulduz” va “Hurmat nishoni” ordenlari va boshqa qator medallar bilan mukofotlandi. Olima 1999-yili vafot etdi.



Aloqador xabarlar