Ankarada TURKSOY Xalq cholg’ulari orkestri o’z konsert dasturini namoyish qildi

Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston va Turkmaniston mustaqilligining 25 yilligiga bag’ishlangan madaniy tadbir barchaga manzur bo'ldi.

582649
Ankarada TURKSOY Xalq cholg’ulari orkestri o’z konsert dasturini namoyish qildi

Kecha Turkiyaning poytaxti Ankarada turkiy respublikalar Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston va Turkmaniston mustaqilligining 25 yilligiga bag’ishlangan madaniy tadbir bo'lib o'tdi.

3 oktyabr - Turk dunyosi hamkorlik kuni munosabati bilan o’tkazilgan tadbirda turkiy respublikalardan tashrif buyurgan usta san’atkorlar ishtirokida TURKSOY Xalq cholg’ulari orkestri o’z konsert dasturini namoyish qildi.

Tadbirga Turkiya Respublikasi deputatlari, Madaniyat vazirligi mutasaddilari va turli xalqaro tashkilotlardan ko’plab mehmonlar tashrif buyurdi.

Tadbir ochilishida TURKSOY direktori Dusen Kaseinov so’zga chiqdi.

TURKSOY Xalq cholg’ulari orkestri bilan Izmir davlat turk dunyosi musiqa va raqs jamiyati hamkorligida o’tkazilgan konsert dasturi muxlislarga manzur bo’ldi.

Konsertda Ozarbayjon, Qozog’iston, Qirg’iziston, O’zbekiston, Yakutiya, Tatariston, Bashkiriya, Tuva, Gagauziya va Turkiyadan usta san’atkorlar o’z mahoratlarini namoyish qildilar.

Qozog’istonlik taniqli bastakor Kurmangazining “Aday” nomli asari bilan boshlangan konsert dasturi dunyoda taniqli bo’lgan yoqut san’atkori Yuliana Krivoshapkina ijrosidagi sahna namoyishi bilan davom etdi.

Ulkan konsert zalida o’zbeklarning doirasi, tatarlarning akardioni, gagauzlarning nayi va boshqa turkiy xalqlarga oid milliy cholg’u asboblarining ovozlari jarangladi.

O’zbekistonlik san’atkor Ravshan Yunusov sahnada doira chalib, barchani o’ziga rom qildi.

Ma’naviy jihatdan barcha tomoshabinlarni qoniqtirgan konsert dasturi TRT-Avaz telekanalida jonli efirga uzatildi.

 

 

 



Aloqador xabarlar