Turkiyaning madaniy xazinalari 39-qism

Turkiyada joylashgan Anadolu madaniyatlar muzeyi haqida ma’lumot ...

576338
Turkiyaning madaniy xazinalari 39-qism

                    

Bugungi dasturimizda Turkiyada joylashgan Anadolu madaniyatlar muzeyi haqida ma’lumot beramiz.

Turkiya Respublikasi tashkil topishdan oldin Ozodlik urushi davom etar ekan, ayni paytda Mustafo Kamol Otaturk madaniyat sohasida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Bulardan biri Ankara qal’asida Hitit muzeyini tashkil qilish fikri edi.

Polatlida otilgan o’q ozovlari poytaxt Ankaraga eshitilib turishiga qaramay, muzeyning qurilishi boshlab yuboriladi. Barcha iqtisodiy manbalar ozodlik urushiga sarf qilingan bir paytda, muzeyning qurilishi uchun safarbarlik boshlanishi Otaturkning qanchalik uddaburon  va kelajakni ko’ra olgan dohiy ekanini ko’rsatib turadi.

Ankara qal’asida Usmoniy sultoni Fatih davrida qurilgan tarixiy asarlardan biri Mahmud Pasha karvonsaroyi va Kurshunlu Xon karvonsaroylari muzey uchun eng to’g’ri maskanlar deb topiladi. Shu sababli, Turkiyaning har tomonidan Hitit davriga oid asarlar Ankarada to’plana boshlaydi. Ayni paytda, muzey binosi restavratsiya qilinib, atrofi ko’kalamzorlashtiriladi.

Restavratsiya ishlari va atrofni obodonlashtirish faoliyatlari 1938 yildan 1968 yilgacha davom etdi. Muzey nafaqat Hitit davriga oid tarixiy asarlarni, balki har davrga oid qimmatbaho asarlarni o’zida mujassam qiladi.

Butun dunyoda bilingan ushbu muzeyda qadimgi tosh davriga oid asarlardan tortib, to Usmoniy davriga oid bo’lgan qimmatbaho tarixiy eksponatlarni uchratish mumkin.

Muzey nafaqat tarixiy asarlari bilan, balki atrofidagi ko’kalamzor gulzorlari bilan ham ziyoratchilarni o’ziga chorlaydi. Muzey hovlisida hitit, yunon va rim davriga oid haykallar, baland tosh ustunlar ko’zga tashlanadi. Muzey hovlisidan ichkariga kirib borar ekansiz, sizni o’zgacha his chulg’ab oladi, xuddi moziyga sayohat qilgandek bo’lasiz. Asosiy darvozadan ichkariga kirganingizda, estalik uchun suvinyer ashyolar sotilgan do’konlarni uchratasiz. Ushbu do’konlardan Anadolu madaniyatlar muzeyida o’rin olgan tarixiy asarlarning namunalaridan harid qilishingiz mumkin.  

Paleolitik - ya’ni qadimgi tosh davriga oid eksponatlar o’rin olgan bo’limdan keyin dunyodagi eng qadimgi qishloqlardan birining maketini ko’rasiz. Bu qishloqning asl nushasi hozirda Koniyadagi Chatalhoyuk muzeyiga ko’chirilgan. Bu qishloqning tarixi miloddan avvalgi 8500 yil avvaliga borib taqaladi. Qishloqdagi uylarning devorlari hayvon shoxlari bilan bezatilgan. Shuningdek, devorlardagi Chatalhoyuk tasviri tarixda dunyoning eng qadimgi haritasi  vazifasini o’tagan. Moziyga sayohat qilar ekansiz, uzun koridordan o’tib, Hitit davriga oid eksponatlar namoyish qilingan bo’limni tomosha qilasiz. Gordiondan olib kelingan Frigya qroli Midasning qabri, Shanliurfadagi Go’beklitepa bo’limi hamda Vanga oid Urartu asarlari diqqatingizni o’ziga jalb qiladi.

Muzeyni tomosha qilar ekansiz, Anadoluning turli hududlaridan keltirilgan haykallar va toshga o’yib ishlangan qadimgi eksponatlar baland qubbalar tagida sizni xuddi boshqa dunyoga yetaklaydi. Bu bo’limda Karun xazinalarining eng muhim asarlaridan biri bo’lgan Qanotli dengiz oti broshkasining asl nusxasini ko’rasiz.

Muzeyning pastki qavatida Rim va Usmoniy davriga oid  asarlar namoyish qilinadi. Bu bo’limda Rim davriga oid haykal qad rostlab turadi. Shuningdek, qazilma faoliyatlarida topilgan qimmatbaho xazinalar va qadimgi pullarni ko’rishingiz mumkin. Muzey hovlisining bir burchagida maktab o’quvchilari va talabalarga qadimgi davr hayotini jonli ko’rib ma’lumot egasi bo’lishlari uchun kulolchilik uskunalari va pul bosib chiqaradigan bosmaxonalar joylashgan.

Aytib o’tish joizki, Anadolu madaniyatlar muzeyi 1997 yili Lozanda 68 ta nomzod muzey orasidan tanlanib, “Yevropada yilning muzeyi” unvoniga muyassar bo’lgan.

Agar yo’lingiz Turkiyaning poytaxti Ankaraga tushsa, albatta Anadolu madaniyatlar muzeyini tomosha qilishni unutmang!

 


Tanlangan kalimalar: #dastur , #madaniyat , #Anadolu , #muzey , #Otaturk

Aloqador xabarlar