Ramazon - eslash, qadrlash, ziyorat qilish va yarashish oyi…

Ro’za avvalo bir qalb tozaligidir. To’yimsizlik va hech qachon qoniqmaslikning chorasidir.

1211572
Ramazon - eslash, qadrlash, ziyorat qilish va yarashish oyi…

 

                                             

So’zlarimni bir Xitoy qarg’ishi bilan boshlamoqchiman: “Ajoyib zamonlarda yashagin”. Xitoyliklar bu jumlada nima demoqchi ekanligini bilolmadim, ammo hamma narsaga ega bo’lgan bir paytda, insonning ruhida yolg’izlik va qadrsizlik mavjud ekan, ajoyib davrlar shunday narsa bo’lsa kerak.

 

Achinarli zamonaviy inson…

Haqiqatdan ham hayotda yolg’iz bo’lgan inson boshqa jonzodlardan ham achinarli ahvolda. Zamonaviy inson tabiatga, urf-odatlarga, dinga, qadriyatlarga, har qanday cheklovlarga qarshi bosh ko’targan holda, faqatgina aqlining hukmiga berilib, ilohiylashganligini e’lon qilgandek. Ya’ni, sun’iy zako va boshqa o’limsizlik izlanuvini davom ettirmoqda. Vaholanki, yaratilishi ilohiy emas. Foniydir.

Tarixning boshqa bir davrida kunimizdagi insonlarchalik bir paytni o’zida cheksiz orzulari sababli to’qchilikda yo’qchilikni, ko’pchilik ichida yolg’izlikni, katta imkoniyatlar ichida chorasizlikni his qilgan boshqa davr bo’lganmi ekan?

Kunimiz insoni… iste’molchi jamiyatning quli… Tabiatni, ashyoni, tamoyillarni, qadriyatlarni, urf-odatlarni bir martalikka aylantirgan jonzod...

Kunimiz insoni xudbinlikdan qutqaradigan, ustoz Najip Fozil aytganidek, “To’xtanglar bu ko’cha chiqmas ko’cha deb hayqirsam qo’llarimni ochib” deb ayttiradigan va o’ziga keltiradigan davr bo’lmasmi edi? Ajabo dinlar, ideologiyalar o’rtasida bunday an’ana bormi? Ramazon oyi menimcha xuddi shu tushunchaning javobidir.

 

Ro’zaning ma’nosi…

Kunimiz insonini bu tanglikdan, xudbinlikdan va yolg’izlikdan qutqaradigan narsa o’zi uchun yashamaganligidir. Ramazon insonning qilgan barcha amallarini qayta ko’zdan kechirishiga vasila bo’ladigan oydir.

Bugungi kunda insoniyatning eng asosiy uch muammosi menimcha adolatsizlik, baham ko’rmaslikdir. Ramazon oyi bu kamchiliklarni birgina o’zi bartaraf eta oladigan darajada kuchga ega.

Ro’za tutish balki kamida ma’lum bir vaqt oralig’ida biron yegulik yemaslikdir. Yana ham aniqrog’i organizmni butun ne’matlardan mahrum qilib, har qanday ne’matning qadriga yetishlikdir.

Ro’za insonni isrofgarchilikdan qutqarib, undan o’zini forig’ qilishning yo’lidir. Ramazonda faqatgina oshqozon ro’za tutmaydi, ayni paytda til, zehn va xatti-harakatlarimiz ham ro’za tutadi. Butun vujudimizni, har bir zarramizni har qanday yomonliklardan tozalash oyidir Ramazon.

Ro’za avvalo bir qalb tozaligidir. To’yimsizlik va hech qachon qoniqmaslikning chorasidir.

 

Bo’lishmoq, baham ko’rish va huzur oyi…

Ramazon tillar, irqlar, ranglar, ideologiyalar, dinlararo baham ko’rish, birdamlik va hamjihatlik oyidir. Islomning olamshumulligining balki eng estetik aksidir. Musulmon jamiyatlarda iftor ziyofatlariga kelgan insonlarlarga kim ekanligi so’ralmaydi. Yunus kabi aytadigan bo’lsak, “Yaratilgan xush ko’riladi, yaratgandan ham ko’ra”

Iftorlarning olamshumul ma’nosi nafaqat musulmon jamiyatlarda, balki g’ayri muslim jamiyatlarda ham o’zini aks ettirib turadi. U yerlarda musulmon jamiyatlar qo’shnilari bilan g’ayri muslimlar bilan iftorini bo’lishadilar. Bu bebaho qadriyatga ba’zi g’arb davlatlari ham amal qilmoqdalar. Har yili Oq uyda va ba’zi g’arb davlatlarida iftor dasturxonlari yozilmoqda.

Ramazon ayniqsa, turkiyalik nodavlat tashkilotlarining mamlakat hududlari ichida va chet mamlakatlarda eng ko’p yordam bergan, butun dunyodagi yetimlarni, kimsasizlarni, muhtojlarni quvontirgan ulug’ oylardan biridir.

Ro’za fitr, sadaqa, zakot va ko’ngilli exsonlar bilan muhtojlarga yordam berishlik faqatgina bir yaxshilik yoki ko’ngilli faoliyat emas. Qolaversa, bu faoliyatlar insonlarning yo’qchilik, kambag’alchilik sababli o’g’rilik, talon-taroj va ekstremizm kabi noto’g’ri yo’llarga kirib qolishini oldini oladi, shu bilan birga dunyo tinchligiga katta hissa qo’shadi.

Chunki, exson qilish tinch-totuv hamjihatlikda yashashning asosidir. Juda boy davlat bo’lmasligiga qaramay, Turkiya dunyoda eng saxiy, yordamsevar davlatlardan biridir. Nafaqat kimsasizlarga, balki tichlik-xotirjamlikka ham hissa qo’shmoqdadir. Statistika ma’lumotlari shuni ko’rsatadiki, musulmon davlatlarda Ramazon oyida jinoyat sodir etish nisbati juda ozayadi.

 

Eslash, yaqinlashish va yarashish oyi…

Ramazon Turkiyada juda ochiq-oydin o’tadi. Iftorlar, saharliklar, tarovih namozlari, Laylat-ul Qadr kechasi va bu kechaga xos tadbirlar, marosimlar, ilohiylar vahakazolar. Bu tadbirlar barcha jamiyatni birlashtiruvchi, bir-biriga yaqinlashtiruvchi faoliyatlardir. Ramazon tadbirlari aslo odam ajratmaydi. Balki, xalqimizning boshqalarni ajratmasdan o’z qadriyatlarini tarannum etgan dunyodagi nodir millatlardan biri bo’lishining sababi ham shudir.

Ramazon eslash, yaqinlashish va yarashish oyidir… Ramazon nafaqat tiriklarning, balki marhumlarning ham mozorlariga borib ziyorat qilinadigan oydir. Aslida qabr ziyoratlari marhumlarga emas, balki tiriklarga ibrat bo’ladi. Shoir Sezai Karakochning ifodasi bilan aytganda, “Qabrlardan yuksalgan bir bahor”ni anglatadi bizga. Bu ziyoratlar dunyoning foniy ekanligini eslatadi.

Hal qilib bo’lmaydigan katta muammolarimizni, voz kechib bo’lmaydi deb o’ylagan ashyolarimizni, ketidan yugurib yurgan barcha yumushlarimizni shunaqangi oddiylashtiradiki… Qabr ziyoratlari tushunchamizni, ma’naviyatimizni oshiradi.

Ramazonlar ayni paytda hafa insonlarni yarashtiradigan yarashuv oyidir. Qo’shnilarni, qarindosh-urug’larni, do’stu-birodarlarni ziyorat qiladigan, holidan xabar oladigan oydir. Bayram ziyoratlari, kunimiz insonini yolg’izlikdan qutqaradi. Do’stlikka yetaklaydi. Turkiyada qanday baxtki, insonlarning 84 foizi yaqinlarini, ota-onasini ziyorat qiladi.

So’zlarimni shu maslahat bilan yakunlamoqchiman. Ramazon oyi kunimiz insonini zanjirlardan, kishanlardan qutqaradi. Atrofiga, jamiyatga, jonzodlarga, tabiatga nisbatan yana ham e’tiborliroq qiladi. Bu oyning barakasi dunyo tinchligiga qo’shgan hissasi munosabati bilan UNESCO “Dunyo aniq bo’lmagan madaniy meros ro’yxati”ga kiritishi kerak bo’lgan oydir. Yoki, “dunyo tinchligiga hissa qo’shganlar mukofoti” beriladigan bo’lsa agar, bu mukofot Ramazon oyiga berilishi kerak.

Ramazon xayitingiz muborak bo’lsin!

 

Ankaradagi Yildirim Beyazit Universitetning Siyosiy fanlar fakulteti dekani professor Kudret Bulbulning mavzuga doir mulohazalarini e’tiboringizga havola qildik.


Tanlangan kalimalar: #Ramazon , #ro'za tutish , #Ramazon xayit

Aloqador xabarlar