Eronda prezident saylovlari jarayoni boshlandi

Eron ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy kecha farmon chiqarib, saylov jarayoni rasman boshlanganini e'lon qildi.

2144578
Eronda prezident saylovlari jarayoni boshlandi

 

Eronda prezident Ibrohim Raisiy vertolyot halokatida vafot etganidan bir hafta o'tib, 28 iyun kuni o'tkazilishiga qaror qilingan prezidentlik saylovlari jarayoni boshlandi.

Davlat televideniyesi xabariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri Ahmad Vohidiy kecha farmon chiqarib, saylov jarayoni boshlanganini e'lon qildi.

“Ibrohim Raisiy va uning qadrli doʻstlarining shahid bo'lgani munosabati bilan hamdardlik bildirar ekanmiz, Konstitutsiyaning 131-moddasi hamda 38 va 39-moddalari doirasida 14-prezidentlik muddati uchun saylov jarayonini boshlashga qaror qilindi",- deyiladi farmonda.

Shunga ko‘ra, respublika bo‘yicha viloyat hokimliklari va tumanlar hokimliklariga 3 kun muddatda o‘z hududlarida saylov markazlari va boshqaruv kengashlarini tashkil etish topshirildi.

19-may kuni prezident Raisiy vertolyot halokatida vafot etganidan so‘ng, konstitutsiyaga ko‘ra, birinchi vitse-prezident Muhammad Muhbir Eron rahbari Oyatulloh Ali Xomaneyning roziligi bilan muvaqqat prezidentlik lavozimini egalladi.

Eron konstitutsiyasiga ko‘ra, amaldagi prezident vafot etgan taqdirda parlament spikeri, sud hokimiyati rahbari va birinchi vitse-prezidentdan iborat kengash ko‘pi bilan 50 kun ichida yangi prezidentni saylash uchun zarur choralarni ko‘rishi kerak. 

Shu munosabat bilan 20 may kuni qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda Prezident saylovini 28 iyun kuni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.


Tanlangan kalimalar: #saylov , #Eron

Aloqador xabarlar