Afg‘onistonda suv toshqinlari oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi

Bundan tashqari, 600 dan ortiq uy vayron bo‘lgan, 200 ga yaqin chorva mollari nobud bo‘lgan.

2127824
Afg‘onistonda suv toshqinlari oqibatida 33 kishi halok bo‘ldi

 

Afg‘onistonda mavsumiy yomg‘irlar sabab bo‘lgan suv toshqinlari kamida 33 kishining hayotiga zomin bo‘ldi.

Bu haqda kecha, 14 aprel kuni mamlakatdagi muvaqqat hukumat – “Tolibon” vakili Abdulla Janan Sayek ma’lum qildi.

“Tolibon”ning Afg‘oniston tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligidagi vakili Abdulla Janan Sayekning bildirishicha, 12 aprel kuni poytaxt Qobulda va mamlakatning 21ta viloyatida suv toshqinlari sodir bo‘lgan. Oqibatda 33 kishi halok bo‘lgan, 27 nafar shaxs jarohatlangan. Bundan tashqari, 600 dan ortiq uy vayron bo‘lgan, 200 ga yaqin chorva mollari nobud bo‘lgan.

“Suv toshqini 800 gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi ekinlari va 85 kilometrdan ortiq yo‘llarga zarar yetkazdi”, deydi u.

O‘z navbatida, mahalliy meteorologiya departamenti yaqin kunlarda 34 viloyatning aksariyatida yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani haqida ogohlantirdi.

Ma’lumotga ko‘ra, eng ko‘p yog‘ingarchilik G‘azni, Qobul, Qandahor va Nangarhor viloyatlariga to‘g‘ri keladi.

2021 yilda Afg‘onistonda “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng, mamlakatga tashqi yordam hajmi pasayib ketdi. Bu tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishni qiyinlashtiradi.

Afg'onistonda ob-havo isishi, kuchli yomg'ir va infratuzilmaning yetarli darajada yo'qligi natijasida yuzaga keladigan suv toshqinlari mamlakat aholisiga zarar keltirmoqda. Shu tufayli har yili yuzlab odamlar hayotdan ko'z yumadi.

 


Tanlangan kalimalar: #Afg'oniston

Aloqador xabarlar