Moskvadagi terakt ortida AQSH, Buyuk Britaniya va Ukraina turibdi

Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Rossiya Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga bayonot berdi.

2120941
Moskvadagi terakt ortida AQSH, Buyuk Britaniya va Ukraina turibdi

 

Moskva yaqinidagi "Krokus Siti Holl"dagi terakt ortida AQSH, Buyuk Britaniya va Ukraina turibdi.  

Bu haqda Rossiya Federal xavfsizlik xizmati rahbari Aleksandr Bortnikov Rossiya Bosh prokuraturasining kengaytirilgan yig‘ilishidan so‘ng jurnalistlarga bayonot berdi.

“Biz "Krokus" ishi bo‘yicha tergov qilayotganlardan olgan ma’lumotlar buni tasdiqlaydi. Ayni paytda xavfsizlik xizmati Ukrainaning ishtiroki haqiqat yoki yo‘qligini yana bir bor tekshiradi. Lekin, hozircha Ukrainani ayblashga asosimiz bor", degan Federal xavfsizlik xizmati rahbari.

Uning qo‘shimcha qilishicha, jangarilar tashqi yordamsiz bunga jazm etolmasdi.

"Albatta, islomchilarning o‘zi bunday teraktni tayyorlay olishmasdi. Ularga yordam berildi. Va biz ushbu fojiada Ukraina izlarini ko‘ryapmiz. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ham buni aytib o‘tdi", deydi u.

Uning ta'kidlashicha, teraktni sodir etganlar Ukraina hududiga borishni rejalashtirgan. Bu shaxslarning Ukraina hududida kutilayotgani haqida ma'lumotlar bor. Ular Ukraina hududida "qahramonlar kabi kutib olinishni" xohlashgan. 

Bortnikov Ukraina Yaqin Sharqda jangarilarni harbiy tayyorgarlikdan o'tkazganini iddao qilib, Rossiyaga qarshi frontda turli millatlardan jangchilar borligi bundan dalolat ekanini ta’kidladi.

“Bizningcha shunday. Men mavjud faktlarga tayanib gapiryapman. To‘g‘ri, bu umumiy ma’lumotday ko‘rinishi mumkin. Biroq vaziyatni silkitib, Rossiyada vahima qo‘zg‘ash G‘arb razvedka xizmatlari va Ukrainaga kerak edi”, degan Aleksandr Bortnikov.

Uning aytishicha, Rossiyaning tegishli organlari shu bilan to‘xtab qolmaydi, ayblanuvchilar soni hali yana ko‘payadi.

“Mamlakatda ham, xorijda ham ushbu qirg‘inning barcha ishtirokchilarini aniqlash bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Bizning barcha tezkor bo‘linmalarimiz ayni paytda "do‘st" davlatlar razvedka xizmatlari bilan hamkorlikda ishlayapti”, degan Bortnikov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, "Krokus"dagi terakt G‘arb tomonidan tayyorlangan radikal musulmonlar tomonidan amalga oshirilgan va bunga Ukraina maxsus xizmatlari ko‘maklashgan.

"Frontdagi yo‘qotishlardan so‘ng Ukraina va G‘arb o‘z qadr-qimmatini tiklashi uchun nima qilish kerak? Albatta ular orqa tomonda turib, qo‘poruvchilik va terrorchilik harakatlarini amalga oshirishadi. Ukraina razvedka xizmatlarining rahbariyati hamda AQSH va Britaniya josuslik xizmatlarining ham tili bir. Ularning o‘zlari ham bu haqda ko‘p gapirishgan”, degan u.


Tanlangan kalimalar: #Rossiya , #Moskva

Aloqador xabarlar